Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda bino-inshootlar uchun kompensatsiya puli undirilmoqda
11:54 / 2023-06-09

Muzrabot tumani hokimligi “Turkiston –Muzrabot” mas’uliyati cheklangan jamiyati binosini tegishli kelishuv bitimiga asosan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzish hamda noturar-joy qiymatini bozor bahosida to‘lab berish majburiyatini olgan.

Bino buzilgach, tuman hokimiyati majburiyatni o‘z vaqtida bajarmadi. Natijada masala sud tartibida ko‘rib chiqilib, tadbirkorning buzilgan binosi uchun 362 million so‘m kompensatsiya undirilishi belgilandi.  

Sudning ijro hujjati MIB Muzrabot tumani bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, majburiy ijro harakatlariga kirishildi. Tuman hokimiyatining hisob raqamlariga band solinib, inkassa talabnomalari yuborilgach, tadbirkor foydasiga qarzdorlik to‘liq undirib berildi.

–O‘zaro kelishuv asosida buzilgan bino-inshoot va uy-joy uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya mablag‘i bilan bog‘liq masalaga oid sudlarning ijro hujjatlari milliy qonunchiligimiz doirasida ijro etilmoqda,– deydi Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi katta inspektori Dilafro‘z Qurbonova. – Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida davlat ijrochilari sud hujjatlariga muvofiq vohada fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan uy-joy hamda bino-inshootlari uchun 3 milliard so‘m kompensatsiya to‘lovi undirilishini ta’minladi.  

Viloyatda buzilgach to‘lanmay qolgan bino-inshoot va uy-joylar uchun kompensatsiya mablag‘ini undirish davom etmoqda.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri