Angor tumanidagi “Yangiturmush” mahallasida yashaydigan Hoshimovlar oilasi Oilaviy bolalar uyi tashkil etib, Toshkent shahridagi 22-Mehribonlik uyining ikki nafar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 6 nafar o‘g‘il- qizni tarbiyasiga oldi.
Shu kuni Angor tumani hokimligi, Milliy gvardiyaning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari ushbu xonadonda bo‘lib, bolajonlarning bu yerda oilaviy muhit taftini his etishi, emin-erkin yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ota-ona mehri va taftidan bahramand bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan bolalarga sovg‘alar ulashdi.
Prezidentimiz g‘oyasi bilan mehribonlik uylaridagi bolajonlarni oilaga yaqin muhitda chuqur bilim, yuksak salohiyat va vatanparvar etib tarbiyalash maqsadida joriy etilgan yangi tizim ota-ona mehr-muhabbatidan ayrilgan o‘g‘il-qizlar hayotini tamomila yangi sahifa bilan boyitmoqda.
Mazkur tizim asosida viloyat hokimligi, Milliy gvardiyaning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va xalq ta’limi boshqarmasi ko‘magida Termiz shahridagi 12-sonli Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 29 bola o‘z oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarildi. 1 nafari farzandlikka topshirildi. 22 nafari Termiz shahri va Denov tumanida tashkil etilgan to‘rtta oilaviy bolalar uyida ulg‘aymoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA