Surxondaryo viloyati paxtakorlari joriy yil hosili uchun 72 ming 270 gektar maydonda dehqonchilik qiladi. Suv taqchil bo‘lishi kutilayotgan bu yilgi sharoitda bahor ob-havosining mo‘’tadil kelayotganidan samarali foydalanib, yerga baraka urug‘i ekishni tez kunlarda sifatli yakunlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda 230 ta otryad tashkil etilib, barcha ishlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilayotir.
Viloyatning Angor tumanida “Zamin Angor cluster” paxtachilik-to‘qimachilik klasteri va 33 ta fermer xo‘jaligi dalalarida paxta parvarishlanadi. Bu yil ular 4 ming 734 gektar maydonda dehqonchilik qilib, “Yuksalish” hamda “Termiz-202” navli paxta chigiti qadamoqda. Bu ishni tez, sifatli yakunlash uchun chigit ekish qizg‘in olib borilmoqda.
Tumandagi “Saidnosirxon” fermer xo‘jaligi 49,4 gektar maydonda g‘alla va paxta yetishtiradi. Tajribali fermer bahorning ilk kunlaridan kuz faslida chuqur shudgorlangan maydonlarni tekislandi. Yer obi-tobiga kelgach, chigit qadashni boshladi.
–Bu yil 21,8 gektar maydonda “Yuksalish” navli paxta urug‘ini sepib, undan mo‘l hosil olishni rejalashtirganmiz,–deydi fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni Isoxon Bahramov.– Hozir baraka urug‘i sepish uchun ayni payt. Yerda yetarli nam bor. Kunlar isib ketsa, namgarchilik qochib, ekilgan chigit qatqaloqda yaxshi unib chiqmaydi. Bahorning boshlanishi iliq kelayotganidan unumli foydalanib, chigit ekishni Navro‘z bayrami arafasida yakunlamoqchimiz.
Viloyatning Sherobod, Qiziriq, Bandixon, Muzrabot, Jarqo‘rg‘on kabi tumanlarida ham bahorgi chigit ekish mavjud agrotexnik tadbirlar asosida tez, sifatli amalga oshirilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri