English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda bag‘rikenglik va tinch-totuv turmush olqishlanmoqda
11:34 / 2025-11-14

Mamlakatimizda “O‘zbekiston – bag‘ri keng diyor” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” Surxondaryo viloyatida ham millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va do‘stlik rishtalarini namoyish etmoqda.

Haftalik doirasida davra suhbatlari, milliy madaniyat markazlari ko‘rgazmalari, turli millat va elat vakillari ishtirokidagi konsert dasturlari, boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, mamlakatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, jahon hamjamiyati bilan do‘stona aloqalarni yanada kuchaytirish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, umummilliy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilayotgan e’tibor tarannum etilmoqda. 

Janubdagi vohada o‘ttizdan ortiq millat vakillari bir oila farzandlaridek ahil, inoq hayot kechirmoqda. Ular Yangi O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlardan g‘ururlanib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. 

Viloyatda faoliyat yuritayotgan rus, tojik, turkman milliy madaniy markazlari hududlarda millatlararo totuvlik va o‘zaro xamjihatlikni ta’minlab, milliy qadriyat va an’analarini keng namoyish etishi uchun barcha sharoit mavjud.  

Oltinsoy tuman hokimligi, respublika Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining tuman vakilligi, tuman madaniyat, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari va boshqa hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbir ham jonajon Vatanimiz barcha millat va elat vakillari uchun bag‘rikeng, tinch, to‘kin, obod go‘sha ekanini keng namoyon etdi.

Tumanda yashayotgan turli millat vakillarining hamjihatlik, birdamlik va do‘stlik bayramiga aylangan tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda dinlararo va millatlararo totuvlik hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar mamlakatni yangi bosqichda rivojlantirishda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Yurtimizdagi do‘stlik va birdamlik muhiti tinchlik va barqarorlikni mustahkamlab, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirayotgani qayd etildi.

Tadbirda Oltinsoy tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari, bolalar musiqa va san’at maktablarining yosh ijrochilari o‘zbek, tojik, rus hamda boshqa qardosh xalqlar tillarida qo‘shiqlar, serjilo raqslar ijro etdi. Yalla va laparlar kuylandi. 

– Ta’lim muassasamizda o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlar turli xalqlar san’ati, cholg‘ulari, qo‘shiq va raqslarini o‘rganadi, – deydi 18-musiqa va san’at  maktabi direktori Olimjon Mamatqulov. – Zero, barcha millat va elatlarni birlashtirib, dillarni yaqinlashtirishda san’at bebaho ko‘prik vazifasini ham bajaradi. Millatlararo totuvlik va bahamjihatlikni ta’minlashda muhim omil bo‘ladi. Tumanimizda yashaydigan turli millat vakillari qatnashgan tadbirda o‘quvchilarimiz ijrosidagi kuy-qo‘shiq va raqslar barchaning olqishiga sazovor bo‘lganidan quvondik. 

Tadbirda bir guruh tashkilotchi va faol ishtirokchilarga tuman hokimligining faxriy yorlig‘i topshirildi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA