Surxondaryo viloyati ekologiya, iqlim o‘zgarishi atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi viloyat ichki ishlar va Milliy gvardiya viloyat boshqarmalari xodimlari hamkorligida Termiz shahrida atmosfera havosini zararli tashlamalardan himoya qilishga qaratilgan profilaktik reyd tadbiri tashkil etdi.
Kuz faslining yog‘ingarchiliksiz, quruq kelishi chang zarralarini ko‘tarib, tevarak-atrof havosini ifloslantirayotir. Havo oqimlari atmosferaning quyi qismiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Oqibatda mayda zarrachalar inson sog‘ligiga ham ta’sir etishi ehtimoldan holi emas.

Shu bois viloyatda chang va mayda zarrachalari atmosferaga ko‘tarilishining oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yo‘llarga maxsus texnikalar yordamida peshma-pesh suv sepilib, daraxtlar yuvilmoqda. Yashil maydonlar sug‘orilyapti.

Voha markazida o‘tkazilgan tadbirda shahar hududidagi restoran, kafe va boshqa joylarda xizmat ko‘rsatayotgan kabobxonalar ko‘zdan kechirildi. Ularning tutun filtrlari, dud chiqarish tizimlari, sanitariya holati talabga javob berishi o‘rganildi. Tadbirkorlarga tutun filtrlari samaradorligini oshirish, chiqindi gazlarining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, sog‘lom ekologik muhitni saqlash yuzasidan tavsiyalar berildi.

Tabiat jonkuyarlari, shuningdek, Termiz shahri va tumanlarda bajarilayotgan qurilish ishlarida ekologik me’yorlarga amal qilinishini ham o‘rganmoqda. Bu jarayonda qurilish maydonlarida chang ko‘tarilishining oldini olish, atmosfera havosiga zarar yetkazmaslik, ishlarni xavfsiz va ekologik talablarga mos tashkil etish masalalari atroflicha tushuntirilmoqda. Talabni buzgan yoki yetarli chora ko‘rmagan quruvchilar ogohlantirilib, kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilmoqda.

Viloyatda tevarak-atrof havosini zararli tashlamalardan himoya qilishga yo‘naltirilgan monitoring ishlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri