Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda asalarichilik tarmog‘i: Aholi bandligi ta’minlanib, daromadi oshmoqda
13:18 / 2022-07-09

Yetti xazinaning biri sanalgan asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar joylarda ayni yo‘nalishga ixtisoslashgan xo‘jaliklar soni ortishida muhim omil bo‘layotir. Binobarin, o‘ziga yarasha mehnat, qunt va tajriba talab qiladigan asalarichilik serdaromad tarmoq hisoblanadi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishda asalarilar o‘rni juda muhim.

bugungi kunda mamlakatimizda asalarichilik tarmog‘ini tubdan takomillashtirish, asalarichilik faoliyatini ilmiy asosda tashkil etib, asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlari yanada ko‘paytirilmoqda.

Buni Surxondaryo viloyati misolida kuzatamiz. Viloyatda bugungi kunda 1 ming 300 dan ortiq aholi asalarichilik bilan shug‘ullanadi. Asalari oilalari soni esa 83 mingdan ortiqni tashkil etadi. O‘tgan yili vohada 2 ming tonnaga yaqin toza asal yetishtirildi.

E’tiborli jihati shundaki, Surxondaryo asalarichilik uyushmasi tomonidan «mahallabay» ishlash tizimi amalga oshirilyapti. Bu jarayonda xonadonma-xonadon yurgan holda asalarichilikka qiziqishi bo‘lgan fuqarolar ushbu tarmoqqa keng jalb etilmoqda. Shuningdek, hozirgi vaqtda ishsiz, asalarichilik sohasiga qiziqqan fuqarolar uyushma mutaxassislari tomonidan o‘qitilib, asalari oilalari yetkazib berilmoqda.

Mahallamizdagi ishsiz asalarichilik sohasiga qiziqqan oilalarga asalari uyalarini yetkazib beryapmiz, — deydi Surxondaryo viloyati asalarichilar uyushmasi raisi Anvar Mengliyev. – Ular yetishtiradigan asalni ham, asalarilarni ham o‘zimiz sotib olyapmiz. Xonadonma-xonadon yurib asalarichilikka qiziqishi bo‘lgan fuqarolarga asalari uyalari tarqatilmoqda. Ularga asalarini boqish sir-sinoatlari o‘rgatilmoqda. Albatta, asalni yetishtirish, asalarini parvarishlash katta mehnat va tajriba talab qiladi. Bu soha serdaromad bo‘lgani bois, qiziquvchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Ilgarigi arilarimiz jaydari ari edi. U arilardan hosil kam olinadi. bugungi kunda nasldor arilarni olib kelganimiz. Bu arilarning bir oilasi 30-35 kilodan asal beradi. Bahor-yoz oylaridan to asal olish mavsumi boshlanguniga qadar mitti mehnatkashlar giyohlaru daraxtlar qiyg‘os gullaydigan joylarni belgilab olib, ko‘chib yurishga to‘g‘ri keladi. Tabiati bahavo, o‘simliklarga boy hududlarda asalari nektar yig‘ib, hosil to‘playdi. Asalarichi esa bu vaqtda o‘z "ishchi askar"larini e’tibor bilan kuzatib turishi kerak bo‘ladi. Mitti jonzodlar yaxshi parvarish qilinganda bir yilda 4 marta asal olish mumkin.

Uyushma sa’y-harakati bilan aholini sifatli asal bilan ta’minlash barobarida Ukraina, Germaniyadan keltirilgan sermahsul ari zotlari Surxondaryo viloyati sharoitiga moslashtirilib, yuksak natijalarga erishilmoqda.

Surxondaryo viloyati boshqa hududlarga qaraganda asalarichilik uchun juda qulay hisoblanadi. Iyun, iyul oylarida asalarilar tog‘ oldi va tog‘ zonalari hamda ekinzorlarga ko‘chiriladi, dalalarga chiqariladi. Arilar yantoq, qizilmiya, tikangul kabi tog‘da o‘sadigan turli giyohlardan oziqlantiriladi.

Albatta, asalarini parvarishlash katta mehnat va tajriba talab qiladi. Shu bois viloyatda bu yo‘nalishda ustoz-shogird an’analari keng yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa sohani yanada kengaytirish va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Surxondaryolik Jasur Xo‘janov ham bir necha yildan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanib keladi. Mazkur soha serdaromad soha ekanligini anglagan Jasur aka yildan-yilga asalari oilalari sonini ko‘paytirib bormoqda. 

– Bundan uch yil oldin 10 ta asalari oilasi bilan faoliyatimni boshlagan edim, – deydi Jasur Xo‘janov. – bugungi kunda asalarilar oilasi 210 taga yetdi. Har bir asalari oilasidan 30-35 kilo asal olamiz. Bir mavsumda oila soniga qarab 1,5-2 tonna asal olamiz. Yil sayin Asalarichilik uyushmasi ko‘magida sohani sir-sinoatini o‘rganyapmiz. Shu soha boshini tutib kam bo‘lmadik. Qator-qator mashina, yangi uy-joylar qurdik. To‘ylar qilyapmiz. Kelajakda asalari oilalarini 1000taga yetkazib, asalari va asal mahsulotlarini xorijga eksport qilmoqchimiz.

Viloyatning tog‘, adirlaridagi tabiiy giyohlari asalarichilikda katta ahamiyatga ega. Jasur Xo‘janov asalarilarni asosan ana shunday yaylov va tog‘ adirlarda parvarishlaydi. Ta’kidlash kerakki, aksariyat asalarichilik xo‘jaliklarida Ukraina va Germaniyadan keltirilgan sermahsul ari zotlari Surxondaryo viloyati sharoitiga moslashtirilmoqda. Bu yaqin kelajakda sohada mahsuldorlikni bir necha barobarga oshirishga zamin yaratadi.

Sardorbek Hidoyatullayev Sherobod tumaning tog‘li “Qizil olma” mahallasida istiqomat qiladi. U bolaligidan ikkinchi guruh nogironi. Hokim yordamchisi hamda uyushma rahbarining taklifi unga asalari boqish imkoniyatini berdi. Salomatligi bois, vaqtinchalik ishsiz bo‘lgan Sardorbek uchun bu soha ayni muddao bo‘ldi. Chunki asalari parvarishi uning salomatligi tiklanishiga yuqori samara beryapti.

– Surxondaryo viloyati asalarichilar uyushmasi rahbari menga 14 ta asalari oilasini parvarishlash uchun berdi. Nogironligim tufayli ishsiz edim, – deydi Sardorbek Hidoyatullayev. – Ishli bo‘ldim. Yaxshi daromad topyapman. Eng muhimi, tog‘li hududlarda asalarichilik bilan shug‘ullanganim bois sog‘lig‘im ancha yaxshi bo‘lyapti. Kelajakda rejalarim juda katta. Asalarilar sonini yanada ko‘paytirib, men kabi ishsiz yoshlarni shu sohaga jalb qilib, yaxshi daromad topishni o‘rgataman.

Asalarining suti, zahri, asali, propolisi, gul changi ko‘p kasalliklarga davo. Shuningdek, uning mumi sanoatimizda muhim xomashyo hisoblanadi. Asalarilar o‘simlik gulini changlatishi natijasida uning turlarini sog‘lomlashtirish va yuqori mahsuldor navlarni vujudga keltirishga sharoit yaratadi. Qolaversa hosilini ikki barobarga oshiradi.

Asalari oilasining asal berish miqdori turli omillarga bog‘liq. Misol uchun bitta asalari oilasi 30-35 kilogrammgacha asal bera oladi. Agar asalari oilasi to‘g‘ri parvarishlansa, undan ham ko‘p asal olish mumkin.

Termiz shahrida istiqomat qiluvchi Anvar Qurbonov berilgan imkoniyatdan samarali foydalanib, imtiyozli kredit evaziga asalari sotib oldi.

– Asalari parvarishida har bir ariga alohida e’tibor qaratish, unga mehr qo‘yish va uning tilini tushunish yuqori daromad olishning imkonini beradi, – deydi Anvar Qurbonov. – Bu kasb menga bobomeros. Men mustaqil 2ta asalari oilasi bilan boshlaganman. Bu kasbning ishi yengil daromadi ko‘p. Shu sababli imtiyozli kredit asosida 38 ta asalari oilalarini oldim. Birinchi hosilda bitta oiladan toza 35 kilogramm asal oldim. Yaqinda ikkinchi hosilni olish arafasidamiz. Bu soha juda serdaromad soha ekan. Misol uchun, imtiyozli kredit asosida 10 ta asalari uyasi uchun 12 million so‘m mablag‘ ajratilyapti. Bitta asalari uyasidan 30 kilogramm asal olinadi. Demak, bir yilda ro‘zg‘oringizda boqilayotgan o‘nta asalari uyasidan 300 kilo asal olish mumkin. bugungi kunda bozorlarda 1 kilogramm asalning o‘rtacha narxi 50 ming so‘m. Tog‘ asalining narxi 100 ming so‘m. Bu bir yilda o‘rtacha 15 – 30 million so‘m qo‘shimcha daromad degani. Bir yilda ikki marotaba asal olinishini inobatga olsak, mazkur daromad bundan ham oshadi. Bu faqat asaldan olinadigan foydaning o‘zi. Nafaqat asalni, bolarilarni ko‘paytirib sotish orqali ham daromadni oshirish mumkin. Yurtimizda asalari boqish, asal yetishtirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud. 

Olimlarning ta’kidlashicha asal tarkibida inson organizmmi uchun foydali mikroelementlarning 70 foizidan ortig‘i mavjud.

Bir so‘z bilan aytganda, Surxondaryo viloyatida asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, sa’y-harakatlar aholi bandligini ta’minlab qolmay, yuqori daromad olish imkoniyatini ham bermoqda. Bu esa oilalar farovonligi garovidir.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA