Termiz tumanidagi ikkinchi sektor hududida Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati tuman bo‘limi va tuman bandlikka ko‘maklashish markazi hamkorligida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida aliment to‘lovlaridan qarzi mavjud ishsiz otalarga tumandagi korxona hamda tashkilotlar 331 ta bo‘sh ish o‘rnini tavsiya etdi.
Mamlakatimizda oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga, ajrimlarning oldini olib, notinch oilalarni erta aniqlash va ularni bartaraf etish orqali yosh avlodni har taraflama baxtiyor kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida olib borilayotgan bunday ezgu ishlarga qaramay, ayrim ota-onalar turli sabablar bilan oila, degan muqaddas qo‘rg‘onga darz yetkazayotir. Farzandlarining ertangi kunini o‘ylamay, ajrashib ketmoqda. Ba’zi alimentchilar muqim ish joyiga ega bo‘lmagani uchun bu holatdan begunoh bolalar aziyat chekmoqda. Ularning moddiy ta’minotida muammolar yuzaga kelayotir.
– Bu masalaning yechimini topish uchun ishsiz aliment to‘lovchilarni ishga joylashtirib, voyaga yetmagan bolalarining moddiy ta’minotini hal etishga ahamiyat berilmoqda, – deydi MIB Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi katta inspektori Q. Tursunov. – Ayni vaqtda Majburiy ijro byurosining viloyat va hududiy bo‘limlarida aliment undirish bilan bog‘liq 20 mingdan ortiq ijro hujjati mavjud. Ularning aksariyati doimiy ish joyiga ega bo‘lmaganligi sababli o‘z vaqtida aliment to‘lashni paysalga soladi. Muammoning ana shu jihatlarini hisobga olib, joylarda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari tashkil etayapmiz. Birinchi navbatda qarzdorligi mavjud ishsiz alimentchi fuqarolar bandligini ta’minlashga harakat qilayapmiz.
Mehnat yarmarkasida o‘ndan ortiq aliment to‘lovchi fuqaroning bandligi ta’minlanib, 33 nafar aliment to‘lovchiga huquqiy maslahat berildi. Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida alimentchi fuqarolar uchun tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida mingga yaqin aliment to‘lovchi doimiy ishga joylashtirilib, voyaga yetmagan farzandlarini o‘z vaqtida moddiy ta’minlash uchun qulay imkoniyat yaratilgan.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA