Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda aholi daromadi sakkiz yilda qariyb uch baravar o‘sdi
15:48 / 2025-10-30

Surxondaryo viloyati hokimligi voha iqtisodiyoti taraqqiyoti bilan bog‘liq ma’lumotlarni ochiqladi. Unda o‘tgan sakkiz yilda viloyatning iqtisodiy tarmoqlarida o‘sish sur’atlari sezilarli darajada oshgani ko‘zga tashlanadi.

Ma’lumotga ko‘ra, shu davrda yalpi hududiy mahsulot hajmi uch barobarga oshib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan mahsulot hajmi, sanoat ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari mos ravishda 5,4 va 5,5 barobarga o‘sgan. Aholi jon boshiga real daromadlar ham keskin o‘sib, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 5,7 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakuni bilan 16,2 million so‘mga yoki 2,9 barobarga oshgan.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 106 foizga o‘sib, 12,8 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. 30 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirildi. 10,9 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. 24,2 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. Yil yakuni bilan viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmini 63,7 trillion so‘mga yetkazish yoki 106,1 foizlik o‘sishni ta’minlash mo‘ljallanmoqda. 

Bir paytlar agrar voha hisoblangan janubiy viloyatda bugungi kunda zamonaviy sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalari jadal rivojlanmoqda. Mahalla va qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgarib, aholi turmush darajasi tobora yuksalmoqda. Bu esa hududda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida yaratilayotgan qulay sharoitlar, investitsiya muhitining yaxshilanishi hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tiborning amaliy samarasidir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri

­