Surxondaryo viloyat hududiy saylov komissiyasida parlament va mahalliy Kengashlar saylovi jarayonlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, viloyat hududiy saylov komissiyasi a’zolari ishtirok etgan brifingda komissiya raisi Zebuniso Alimardonova mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi vohada uyushqoqlik bilan o‘tkazilayotganini qayd etdi. Erta tongdan viloyat hududidagi mavjud 865 ta saylov uchastkasi saylovchilar bilan gavjum bo‘lganini, buning uchun barcha saylov uchastkasida muhim siyosiy kampaniyani ochiq, oshkora, shaffof, umume’tirof etilgan tamoyillar asosida o‘tkazish uchun yetarli sharoit yaratilganini ta’kidladi.

– Ayni paytda viloyatda bo‘lib o‘tayotgan muhim siyosiy kampaniyani dunyoning turli davlatlaridan kelgan xalqaro kuzatuvchilar ham katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda, – dedi Zebuniso Alimardonova. –Saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida 1 million 442 ming 512 nafar saylovchi ro‘yxatga olindi. Ularning 33 ming 867 nafari birinchi marta ovoz berayotgan yoshlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 96-moddasiga muvofiq saylov ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan ortig‘i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tgan deb hisoblanadi.
Bugun soat 15:00 holatiga ko‘ra, viloyatda jami saylovchilarning 62,72 foizi yoki 904 ming 744 nafari o‘zlari munosib deb bilgan partiya va nomzodlarga ovoz berdi. Saylovda hozirgacha 77-81 foizgacha saylovchi ovoz bergan. Sariosiyo, Uzun, Denov, Termiz tumanlari va Termiz shahrida yanada yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
Viloyatda saylov davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri