Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda 861 ta saylov uchastkasi tashkil etildi
09:45 / 2023-05-25

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Okrug komissiyasi raisi A.Xo‘jaqulov boshqargan yig‘ilishda joriy yilning 9 iyul kuni mamlakatimizda o‘tkaziladigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari va komissiya a’zolarining vazifalari muhokama etildi. Markaziy saylov komissiyasining Toshkent shahrida okrug komissiyalari rais, o‘rinbosar va kotiblari ishtirokida o‘tkazilgan o‘quv seminari mazmun-mohiyati xususida fikr almashdi.

Okrug hududida muddatidan ilgari saylov o‘tkazuvchi saylov uchastkalarini tuzish masalasi ko‘rib chiqildi.

Saylov kodeksining 10-moddasiga ko‘ra, saylov uchastkalari saylovchilarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida tuman, shahar, shaharlardagi tumanlarning chegaralari inobatga olingan holda, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham saylov uchastkalari tuziladi. 

Yig‘ilishda mahalliy hokimliklar va harbiy qismlar taqdimnomasiga asosan okrug hududida 861 ta saylov uchastkasi tuzildi. 

– Milliy qonunchiligimizda saylov uchastkalarini tuzish tartibi aniq belgilab qo‘yilgan, – deydi muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi kotibi Z.Alimardonova. – Shunga ko‘ra, okrug komissiyasiga taqdim etilgan taqdimnomalar asosida viloyatda 864 ta saylov uchastkasi tuzishga qaror qilindi. Okrug hududidagi saylov uchastkalarini tuzishda saylovchilarga qulaylik yaratishga alohida etibor qaratilib, eng zamonaviy ta’lim, tibbiyot, madaniyat, sport muassasalari, davlatga qarashli korxona, tashkilotlar, tadbirkorlik subektlari binolarida tashkil etildi. Uchastkalar ro‘yxati mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Yig‘ilishda okrug saylov komissiyasining ish rejasi tasdiqlanib, komissiya a’zolarining vazifalari taqsimlandi. Okrug komissiyasi huzurida matbuot markazini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Komissiya a’zolariga guvohnomalar topshirildi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA