Surxondaryo viloyatida muqaddas Ramazon oyida 15 mingga yaqin kam ta’minlangan oila oziq-ovqat mahsuloti bilan ta’minlanadi. Shu kungacha vohada 8 ming 290 oila bag‘rikenglik, poklanish, xayru saxovat oyining mehr-muruvvatidan bahramand bo‘ldi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumani studiyasi orqali o‘tkazgan navbatdagi onlayn ommaviy qabulida barchani muborak Ramazoni sharif bilan tabriklab, mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Prezidentimizning joriy yil 17-fevraldagi “Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarori ham ijtimoiy adolatni ta’minlab, inson qadrini ulug‘lashga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tiborning yuksak namunasi bo‘lganini alohida qayd etdi.

Qabul chog‘ida markaziy va hududiy studiyalar orqali 142 kishining 165 ta turli masaladagi murojaati tinglanib, ularni qonunchilikda belgilangan tartibda, aniq muddatlar asosida ko‘rib chiqish va hal etish uchun viloyat, tuman, shahar darajasidagi mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi. Ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Ommaviy qabul yakunida markaziy va hududiy studiyalarda tuman, shahar hokimlari uch mingdan ortiq kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, shuningdek, yakka yolg‘iz istiqomat qiluvchi keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari topshirdi.

Ayni paytda hududlarda uy sharoitida parvarishlanayotgan, qabulda ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagan yakka yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan insonlarning oziq-ovqat mahsulotlari ularning xonadonlariga yetkazib berilmoqda.
Viloyatda ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlab, zarur yordam ko‘rsatish davom etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA