Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda 677,7 milliard so‘mlik 796 ta mulk auksion savdosiga chiqarildi
10:32 / 2024-10-08

Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda tuman, shahar bo‘limlari sud va boshqa organlar hujjatlariga asosan soliq, kredit, jismoniy hamda yuridik shaxslar foydasiga qarz undirishga oid ijro ishlarini yakunlash yuzasidan tegishli harakatlarni amalga oshirmoqda.

Masalan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor “ABDULFAYZ XUSANOV” xususiy korxonasidan tijorat banki foydasiga uch milliard 146 million so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilangan. Qarzdorlikni undirish yuzasidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari chog‘ida xususiy korxonaga tegishli Qumqo‘rg‘on tumani Yangi shahar mahallasida joylashgan hammom binosi xatlovga olinib, yerdan foydalanish huquqi bilan birga 2 milliard 563 million so‘m boshlang‘ich narxda auksion savdosiga chiqarildi. Shuningdek, garov mulki hisoblangan ikkita maxsus texnikasi ham xatlovga olindi. Endilikda tadbirkor tijorat banki oldidagi qarzdorligini so‘ndirmasa, mol-mulkidan ajralib qolishi mumkin.  

Yana bir holatda Sherobod tumanidagi "ABDURAHMONXON SHIFO NUR" mas’uliyati cheklangan jamiyati olingan kredit qarzdorligini o‘z vaqtida qaytarmagani uchun mazkur masala sud tartibida ko‘rib chiqilib, 819 million 477 ming so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilandi.  

Majburiy ijro byurosi Sherobod tuman bo‘limi davlat ijrochilari olib borgan ijro harakatlari chog‘ida tumanning Taroqli mahallasidagi garov mulki hisoblangan “Diagnostika” binosi tegishli tartibda xatlanib, ipoteka shartnomasiga ko‘ra, 875 million so‘m boshlang‘ich narx bilan onlayn auksion savdosiga chiqarildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati organlari sud va boshqa organlar hujjatlariga asosan soliq, kredit, jismoniy hamda yuridik shaxslar foydasiga qarz undirish bilan bog‘liq ijro ishlari yuzasidan 677,7 milliard so‘mlik 796 ta mulkni onlayn auksion savdolariga chiqardi. Xususan, 274 ta avtotransport vositasi 79 milliard so‘mga, 433 ta ko‘chmas mulk 549,7 milliard, 48 ta maxsus texnika 18 milliard hamda 41 ta boshqa turdagi mol-mulk 61,1 milliard so‘m boshlang‘ich narx bilan onlayn auksion savdolaridan joy oldi.  

Yuzaga kelgan bu kabi qarzdorliklarni undirishga qaratilgan tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri