Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi ishchi guruhi vohada o‘rnatilgan quyosh panellarini monitoring qilayotir. Hududlarda o‘rnatilayotgan muqobil energiya manbalari haqidagi ma’lumotlar “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritilmoqda.
Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari X.Xolboyev Namangan viloyati tajribasi asosida vohadagi tekstil korxonalarida quyosh panellarining o‘rnatilishi bilan tanishdi. Jumladan, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “SURXONTEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘rnatilib, ishga tushirilgan quyosh panellarini ko‘zdan kechirdi. Korxonadagi 200 kVt quvvatdagi muqobil energiya manbasining dastlabki samaralari bilan tanishdi. Korxona mutasaddilariga quyosh panellaridan foydalanishning afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi davlat va nodavlat tashkilot, muassasa, korxona va boshqa idoralar, tadbirkorlik sub’ektlari quyosh panellari o‘rnatib, muqobil energiya manbasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, o‘tgan yildan buyon vohadagi 5 ming 459 ta inshoot quvvati 41,92 MVt bo‘lgan quyosh paneli bilan jihozlandi. Yilning to‘rt faslida ham quyosh nur taratib turadigan viloyatda ishga tushirilayotgan muqobil energiya manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritilib, monitoringi yuritilmoqda.
Ayni paytda vohadagi 858 ta ijtimoiy soha va davlat idoralariga quvvati 15,22 MVtli quyosh panellari o‘rnatilgan. 841 ta tadbirkorlik sub’ekti quvvati 12,21 MVt bo‘lgan quyosh panellaridan foydalanib, elektr energiyasini tejamoqda. 3 ming 636 ta aholi xonadonlarida 10,69 MVtli muqobil energiya manbalaridan oqilona foydalanilayotir. 32 ta ko‘p qavatli uyga o‘rnatilgan quvvati 0,66 MVt li quyosh panellari xonadonlarni uzluksiz muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri