Termiz davlat universitetida oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman, shahar hokimi yordamchilari suhbat shaklida sirtdan davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.
Prezidentimizning 2021 yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilarini davlat oliy ta’lim muassasalarining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasi bilan davlat granti bo‘yicha sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish amaliyotini joriy etish belgilangan.
Shunga muvofiq, Surxondaryo viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirib, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida samarali mehnat qilayotgan hamda universitetda ro‘yxatdan o‘tgan hokim yordamchilarining imtihon (suhbat) jarayonlari bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet rektori A. Maraximov, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sh.Jo‘rayev, prorektorlar, talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul rektor maslahatchisi, bo‘lim boshliqlari, iqtisodiyot va turizm fakulteti dekani, kafedra mudirlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichda rivojlantirish jarayonida mahallalarda joriy etilgan tuman, shahar hokimi yordamchilari lavozimi hududdan chiqmay turib, barcha xizmatlardan foydalanish tamoyili asosida davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar taqdim etilishiga keng imkon yaratdi.
Bu ishni keng yo‘lga qo‘yish uchun hokim yordamchilari mahallalarda xatlov o‘tkazib, fuqarolarning ichki imkoniyat va talablarini o‘rgandi. Hududlarning “o‘sish nuqtalari” ni aniqlab, aholining turmush sharoitini yaxshilash, doimiy va qo‘shimcha daromad manbaiga ega qilish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida aniq manzilga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni belgilab oldi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatidagi 721 ta mahallada faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari o‘z hududida bu boradagi ishlarni samarali tashkil etmoqda.
– Suhbat davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasining oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilarini davlat oliy ta’lim dargohlarining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga ko‘ra davlat grantida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi bo‘yicha muvaqqat nizomiga muvofiq o‘tkazildi,– deydi Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Maraximov.– Buning uchun tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Mazkur nizomga ko‘ra, Davlat test markazining maxsus dasturi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan abituriyent hokim yordamchilariga suhbat o‘tkaziladigan muddat oldindan xabar berildi. Ishchi guruhning suhbati tashkil etildi. Ularning ko‘zidagi o‘z hududini yuksaltirishga bo‘lgan intilish, shijoat, tashabbuskorlik va hozirjavoblik kabi fazilatlardan ham oliy ta’lim muassasasida o‘qishga ishtiyoqi balandligini ko‘rish mumkin. Bu soha vakillarining davlat granti asosida oliy ta’limga ega bo‘lishi ularning Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida bu dargohdan olgan bilimlarini o‘z tajribalari bilan uyg‘unlashtirib olib borishda muhim o‘rin tutadi.
Shu kuni suhbat jarayonlaridan o‘tgan 46 nafar hokim yordamchisi Termiz davlat universiteti iqtisodiyot va turizm fakultetiga davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilindi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA