French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda 246,9 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan
21:24 / 2025-12-18

Mamlakatimizda yer umummilliy mulk va u davlat muhofazasida ekanligi haqida keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa-da, Surxondaryo taraflarda hamon yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, ularda noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirish kabi xunuk holatlarga duch kelinmoqda.

Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi nazoratchilari bilan suhbatlashsangiz, xodimlar yerdan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash, tizimda huquqiy tartibni mustahkamlash va qonunchilik hujjatlari ijrosini kafolatlashga alohida e’tibor berayotgani, qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, ularni muhofaza qilish va noqonuniy harakatlarning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli profilaktik tadbirlarni amalga oshirayotganini ta’kidlaydi. Bu yo‘nalishda bajargan ishlarini dalillar asosida taqdim etadi.

Xo‘sh, yangi yilga ham sanoqli kunlar qolmoqda. Vohada tuganmas boyligimiz sifatida qaralayotgan umummilliy mulkimizni noqonuniy egallab olish bilan bog‘liq qancha o‘zboshimcha harakat aniqlandiyu, ularga qanday chora ko‘rilmoqda?

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida boshqarma va uning tuman, shahar bo‘limlari nazoratchilari 2 ming 919 ta holatda qariyb 247 gektar yer maydoni noqonuniy egallab olinganini aniqlagan. Bu yerlarning 192,6 gektari qishloq xo‘jaligi, 21,8 gektari aholi punktlariga, 3,40 gektari suv fondi, 0,50 gektari tabiatni muhofaza qilishga mo‘ljallangan yerlarga to‘g‘ri kelmoqda. Bir gektar tarixiy madaniy ahamiyatga molik yer, 6,10 gektar o‘rmon fondi, 16,30 gektar zaxira, 5,20 gektar sanoat, aloqa, mudofaa va tarixiy-madaniy ob’ektlar joylashgan hududlar yeri g‘ayriqonuniy o‘zlashtirilgan.

Tahlillarga ko‘ra, vohada o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlarining 214 tasida jinoyat alomatlari mavjud deb topilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. 1 ming 401 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Masalan, Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi mutaxassislari Muzrabot va Uzun tumanlari hududida yer nazorati tadbirlarini o‘tkazganida Muzrabot tumani Obihayot mahallasida yashovchi Raim Ilyosov (Ism-sharif o‘zgartirildi) o‘zining yashash uy-joyiga tutash yer uchastkasidan o‘zboshimchalik bilan 250 kvadrat-metrni egallab olib, binoyidek savdo do‘koni va tandirxona qurgani aniqlangan. Uzun tumani Qoraqir mahallasida yashovchi Dilshod Saidov esa tumandagi davlat zaxirasida bo‘lgan yerdan 101 kvadrat-metrini egallab, 83,8 kvadrat-metr maydonda uy-joy qurib olgan.

– Keyingi yillarda yerga oid qonunchilik tubdan takomillashtirilib, har qarich yer qat’iy nazoratga olindi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Menglimamat Abdiraxmonov. – Aniqlangan har bir holat yuzasidan nazoratchilarimiz O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi 3-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirib, jarima choralarini qo‘llamoqda. Jumladan, umummilliy boylikka ko‘z olaytirib, uni qonunga zid egallab olishga uringan shaxslar tegishli tartibda yozma ogohlantirilib, noqonuniy harakatini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma ham berilgan. Qaltis ishga qo‘l urgani tushuntirilib, buning uchun qonunchiligimizda javobgarlik belgilanganini, oqibati yaxshi bo‘lmasligini eslatgach, 1 ming 766 ta holatda yer maydoni ixtiyoriy ravishda o‘z holiga qaytarilgan. Yo‘l qo‘ygan qonunbuzarligini belgilangan muddatda bartaraf etmagan shaxslar bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilib, noqonuniy qurilmalar majburiy tartibda buzdirilmoqda.

Mavridi kelganda shuni ham aytish lozimki, “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq faqat 2018 yil 1 maygacha yakka tartibda qurilgan va o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlari hamda qurilmalar ko‘rib chiqilib, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar e’tirof etilishi mumkin. Bu sanadan keyin sodir etilgan har qanday noqonuniy harakat uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik belgilangan.

Viloyatda Kadastr agentligi yer va kadastr nazorati nazoratchilari yerga oid qonunbuzilish holatlarining oldini olish, yer maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlash yuzasidan nazorat tadbirlarini davom ettirmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri