Surxondaryoda 2,1 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi
Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati xabar berdi. Unda ma’lum qilinishicha, inspeksiyaning Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Y.ADJD.” xususiy korxonasiga tegishli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida qonunbuzarlik holati sodir etilgan.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, shoxobchada o‘rnatilgan kompleks o‘lchov quvuriga toraytirish moslamasi davlat standartlariga mos kelmasligi ma’lum bo‘lgan. Bu noqonuniy harakat tufayli gaz ta’minoti korxonasiga 2 milliard 197 million so‘mlik zarar yetkazilgan (845,1 million metr kub tabiiy gaz).
Mazkur qoidabuzarlik bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Hozirda holat yuzasidan qonunchilik doirasida choralar ko‘rilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA