Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda 2 ming 719 holatda 232,8 gektar yer o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilgan
17:26 / 2025-11-14

Surxondaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 2 ming 719 holatda 232,8 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi.

Kadastr agentligining viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, boshqarmaning yer va kadastr nazorati inspektorlari aniqlagan bu holatlar tahlil qilinganida, qonunga zid egallangan maydonlarning 1 ming 254 tasi qishloq xo‘jaligiga, 860 tasi aholi punktlariga, 258 tasi саноат, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yer ekani ma’lum bo‘ldi. Besh holatda tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan, uch holatda tarixiy-madaniy ahamiyatga ega, 33 tasi o‘rmon fondi, 108 holatda suv fondi yerlari g‘ayriqonuniy o‘zlashtirib ketilgan. 198 holatda zaxira yerlar o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olingan. Masalan, Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi mutaxassislari Sariosiyo tumanida yer nazorati tadbirlarini o‘tkazganida Xulkar mahallasida yer qonunchiligi buzilib, o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlar qurilganiga duch keldi.

Tumanning Xulkar mahallasida yashovchi Valijon Niyozov (ism-shariflar o‘zgartirildi) fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan lalmi yer maydonidan o‘zboshimchalik bilan besh ming metr-kvadrat maydonni egallab, uning 410,2 metr-kvadratida yashash uyi, molxona va omborxona qurib olgani aniqlandi. 

Yana bir holatda shu mahallada yashovchi fuqaro Baxtiyor G‘ulamnazarov fermer xo‘jaligining lalmi ekin yerlaridan uch ming 600 metr-kvadratini qonunga zid egallab, 268,8 metr-kvadratida yashash uyi va molxona barpo etib olgan.

Nazoratchilar vohada o‘zboshimcha egallab olingan yer maydonlarida qurilgan qurilishlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 60-modda, 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, jarima jazosi qo‘llayotir. Yer maydonlariga yetkazilgan zararni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatma berilmoqda.

Mavridi kelganda aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq yurtimizda faqat 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda qurilgan va o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar, bino hamda inshootlar ko‘rib chiqiladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Viloyatda umummilliy boylik bo‘lgan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlarining oldini olish, yer qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik va yer qonunchiligi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash yuzasidan nazorat tadbirlari davom etmoqda. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri