Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryoda 145 nafar mansabdorga nisbatan ma’muriy javobgarlik jazosi qo‘llanilgan
12:03 / 2022-12-23

Viloyatda joriy yil ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yerlarning talon-taroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularning oldini olish yuzasidan samarali ishlar olib borildi. Bu sohadagi g‘ayriqonuniy holatlarga qarshi qat’iy nazorat o‘rnatildi. Yil davomida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari chog‘ida yer va kadastr sohasidagi huquqbuzarliklarda milliy qonunchiligimizning qaysi normalari ko‘proq buzilishi aniqlangan?

– Yakunlanayotgan yilning o‘tgan davrida nazoratchilarimiz yer va kadastr sohasiga oid 1 ming 758 ta qonun buzilish holatini aniqladi, – deydi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohrux Jumayev. – Duch kelingan ma’muriy huquqbuzarlikning eng ko‘pi yoki 1 ming 67 tasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik sababli kelib chiqqan. 302 tasida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, 205 tasida yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish, 90 tasida chegara belgilarini, geodezik punktlarni va cheklov belgilarini yo‘q qilish yoki shikastlantirish holatlari aniqlangan. 79 huquqbuzar o‘zboshimcha egallagan yerlarda qurilish ishlarini amalga oshirgan bo‘lsa, 15 tasi sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olgan.  

Mutaxassislar viloyatda yer bilan bog‘liq qonun buzilishlarni nazorat qilish barobarida umummilliy boylikni o‘zboshimcha egallamaslik va maqsadsiz foydalanmaslik, tegishli hujjatlarsiz qurilish ishlarini amalga oshirmaslik yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini ham olib bordi. O‘tayotgan yil viloyatda yer munosabatlari bilan bog‘liq qonun buzilishlar yuzasidan 145 nafar mansabdor va 1 ming 613 nafar jismoniy shaxsga ma’muriy javobgarlik jazosi qo‘llanilgan.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri