Termiz shahridagi "Surxon-Arena" sport majmuasida sportning kamondan otish turi bo‘yicha "O‘zbekiston kubogi" musobaqasiga start berildi. Unda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan kelgan mohir merganlar o‘zaro bahslashmoqda.
Viloyatda ilk marta o‘tkazilayotgan musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i, viloyat kamondan otish federatsiyasi raisi A.Umarov, viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i A. Arabov, kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi G.Aripovalar mamlakatimizda so‘nggi yillarda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor yaxshi samaralar berayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda sportning kamondan otish turini qo‘llab-quvvatlab, ommalashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr yuritdi.



Bellashuv ishtirokchilarining g‘oliblik shohsupasidan o‘rin olishiga omad tiladi. Musobaqa avvalida sport faxriylari, nuroniylar va havaskor yoshlar kamondan otish bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Ayni paytda erkaklar, ayollar hamda yoshlar o‘rtasida 60 va 70 metr masofadagi nishonda kamondan otish bellashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri