Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyatidagi litsey va kollejlar binolari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda
15:00 / 2016-09-07

Surxondaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda.

Surxondaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini 2016-2017-yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan izchil chora-tadbirlar bu borada muhim omil bo‘layotir.

Viloyatdagi 5 akadamik litsey va 116 kasb-hunar kollejida o‘g‘il-qizlarning chuqur bilim olishi, o‘zlari tanlagan kasb sirlarini puxta o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 16 isitish qozoni, 1 kilometrdan ortiq isitish va suv tarmoqlari, qator kollejlar binolari tomlarining yaroqsiz holga kelgan qismlari joriy ta’mirlandi. Yaroqsiz oynalar yangisiga almashtirildi.

– Mamlakatimizda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini yozda uyushqoqlik bilan tashkil etish yaxshi an’anaga aylandi, – deydi Surxondaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Karomat Ashurov. – Joriy yilda ham ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash, qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Binolarning holati va isitish tizimlari tekshirilib, amalga oshiriladigan zarur chora-tadbirlar belgilandi. Tayyorgarlik ishlarining o‘z vaqtida bajarilishi va sifatini nazorat qilish uchun mas’ul vakillar biriktirilgan.

Viloyatning tog‘li hududlaridagi ta’lim muassasalarida ham mavsumga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Boysun tumanida 5 kasb-hunar kolleji va ularning 4 filiali faoliyat yuritmoqda. Darband transport va aloqa kasb-hunar kollejining Machay filiali tuman markazidan uzoqda, baland tog‘lar orasidagi qishloqda joylashgan. Bu yerda 220 dan ortiq o‘g‘il-qiz ta’lim olayotir. Ularning 69 nafari shu yil o‘qishga qabul qilindi. Ta’lim maskanining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.

– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini barvaqt boshlagan edik, – deydi ushbu filial direktori Nazar Turdiboyev. – Bu belgilab olgan barcha ishlarni sifatli bajarishda juda qo‘l keldi. Binoning tom qismi va derazalar holatini nazoratdan o‘tkazdik. Zarurat bo‘lgan xonalarda oynalar almashtirildi. Keng, yorug‘ va shinam xonalar sifatli ta’mirlanib, isitish pechlari mavsumga taxt qilib qo‘yildi.