Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasida okrug hududidagi saylov uchastkalarida saylov jarayonlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda okrug saylov komissiyasi raisi A. Xo‘jaqulovning axboroti tinglandi.

–Bugun ertalabdan okrug hududida faoliyat yuritayotgan 861 saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari boshlandi, – dedi A.Xo‘jaqulov. – Mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy bu jarayonni xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning, siyosiy partiyalar va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari kuzatib bormoqda. Okrug saylov komissiyasiga fuqarolar, xalqaro va mahalliy kuzatuvchilardan saylov jarayonlari bo‘yicha hozirgacha bironta murojaat kelib tushmadi.
Okrug hududidagi saylov uchastkalarida yagona elektron ro‘yxatga olingan 1 million 415 ming 767 saylovchining 43 ming 506 nafari muddatidan ilgari ovoz berdi. Ertalab soat 8.00 dan kech soat 17.00 gacha 963 ming 92 nafar yoki barcha saylovchilarning 68,3 foizi o‘zlari tanlagan nomzodlarni yoqlab, ovoz berdi. Saylov uchastkalarida ovoz berish kechki soat 20.00 gacha davom etadi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri