Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyatida milliy madaniy markazlar faoliyati muhokama qilindi
11:10 / 2026-02-26

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi hamda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi viloyat bo‘linmasi hamkorligida viloyatdagi bir qator milliy madaniy markazlari faollari ishtirokida “Surxondaryo viloyatida milliy madaniy markazlar faoliyati va millatlararo bag‘rikenglikni rivojlantirishdagi o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir millatlararo totuvlikni mustahkamlash, turli millat vakillarining jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada kuchaytirish hamda milliy madaniy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlandi.

Davra suhbatida viloyatda faoliyat yuritayotgan rus, tojik, turkman hamda mo‘ltoni-lo‘li milliy madaniy markazlari a’zolari, jamoatchilik vakillari, talaba-yoshlar, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.  

Tadbir davomida milliy madaniy markazlarning asosiy vazifalari, amalga oshirayotgan loyihalari va istiqboldagi rejalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda barcha millat va elat vakillarining tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylash, ularning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.  

Milliy madaniy markazlar esa ana shu jarayonda ko‘prik vazifasini bajarib, turli millat vakillarini bir maqsad yo‘lida birlashtirish, yosh avlodni vatanparvarlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, davra suhbati davomida millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, markazlar faoliyatini axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.  

Ishtirokchilar tomonidan markazlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tajriba almashish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Tadbir yakunida millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining muhim omili ekani alohida qayd etildi.  

Shu bilan birga mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni izchil davom ettirish, milliy madaniy markazlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

                          N.Usmonova, O‘zA muxbiri