Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyati xabarlari¬qisqa satrlarda
13:14 / 2025-08-09

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi doirasida shu toifadagi yer uchastkalari va mulkga bo‘lgan huquqni e’tirof etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Deputatlar vohaning Uzun, Boysun, Sho‘rchi, Jarqo‘rg‘on, Oltinsoy, Bandixon, Muzrabot, Sherobod, Qiziriq, Sariosiyo, Termiz, Denov, Qumqo‘rg‘on tumanlari hamda Termiz shahridan 360 kishining yer va mulkka bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish to‘g‘risidagi masalani muhokama etib, Kengash qarorini qabul qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qonun qabul qilinganidan buyon viloyatda 619 nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlariga bo‘lgan huquqlari e’tirof etildi.

***

Bandixon tumanida “Suvchilar maktabi" loyihasi ishtirokchilari uchun seminar tashkil etildi.

Fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari, tomorqa yer egalari, faol fuqarolar ishtirok etgan tadbirda professor- o‘qituvchilar, malakali mutaxassislar dunyoda tanqislashib borayotgan suv resurslaridan oqilona foydalanish, uni omilkorlik bilan tejab ishlatish haqida so‘z yuritdi. Suv resurslaridan foydalanish tartibi, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari, hududlarning tuproq sharoiti, sug‘orish muddatlari va me’yorlari, ekindan yuqori hosildorlik olish, chorvachilikda yaxshi natijalarga erishish to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Iste’molchilarga “Suv¬tekin emas”ligini tushuntirish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

***

Sho‘rchi tumanida 18-30 yoshdagi erkaklar o‘rtasida "Surxon birdamligi" musobaqasining "Alpomish izdoshlari", 14-30 yoshdagi qizlar o‘rtasida "Barchinoy avlodlari" va oilaviy jamoalar o‘rtasida "Sog‘lom oila" sport musobaqalarining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqalarning mahallalararo bosqichi g‘oliblari bellashuvda sportning arqon tortish, tosh ko‘tarish, armresting, qumga sakrash, kamondan otish,avtomobil tortish kabi turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.  

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, musobaqalarning viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri