Surxondaryo viloyati tumanlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash va uning oldini olishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar boshlandi.
Muzrabot tumani hokimi, ¬fuqaro muhofazasi boshlig‘i Abdulla Mamatqulov rahbarligida bo‘lib o‘tgan mashg‘ulot doirasida bozorlar, umumiy ovqatlanish muassasalari, maishiy gaz ballonlaridan foydalanadigan ob’ektlar, barcha turdagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash holatini o‘rganish yuzasidan tegishli chora-tadbir belgilandi. Joylardagi aniq holat chuqur o‘rganilib, yong‘in xavfsizligiga qatiy rioya etilishini ta’minlash va aniqlangan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish vazifasi topshirildi.
Aholi va tadbirkorlarga yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tizimli targ‘ibot ishlarini olib borib, o‘t balosining xunuk oqibatlarini atroflicha tushuntirish tavsiya etildi.
***
Jarqo‘rg‘on tumanida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Respublika targ‘ibot guruhi a’zosi Sanobar Abdurahmonova, viloyat targ‘ibot guruhi rahbari Dilbar Normurodova va boshqalar globallashuv davrida yot g‘oyalardan himoyalanish, internet imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish kabi masalalarning jamiyatimiz taraqqiyotidagi ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi. Turli oqimlarning milliy o‘zligimiz, milliy qadriyatlarimizga zid bid’atlari ta’siri, kiyinish, yurish-turish, ibodatda buzg‘unchi yot g‘oyalarga uchmaslik, jamiyat rivojida foydali bo‘lgan dunyoviy ilmlarni o‘rganishning dinimizdagi talqinini to‘g‘ri anglash, tinchlik va osoyishtalikning qadrini his etib yashash, xotin-qizlarni diniy mutaassiblik, turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash xususida fikr almashildi.
[gallery-24754]
***
Boysun tumanida navbatdagi bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamkor tashkilotlar bilan o‘tkazgan tadbirda 90 ta korxona, tashkilot, muassasa mavjud 245 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Yarmarkada 150 dan ortiq vaqtincha ishsiz fuqaro qatnashdi. Ularning 55 nafari, jumladan, 45 nafar yigit-qiz o‘zlari tanlagan kasb bo‘yicha iqtisodiyotning turli sohalarida ishlarga joylashadigan bo‘ldi. O‘n nafariga kasb-hunarga qayta o‘qitish uchun yo‘llanma berildi. Ishtirokchilarga, shuningdek, mehnatga oid qonunchilik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri