Jarqo‘rg‘on tumanidagi “SAG Agro Jarqo‘rg‘on” mas’uliyati cheklangan jamiyati 1 ming 670 gektar maydonda qiymati 20 million dollarlik bog‘dorchilik loyihasini amalga oshirmoqda. Yirik loyiha to‘liq ishga tushgach, 150 nafar kishining doimiy bandligi ta’minlanadi. Hosilni terib-yig‘ib olish davrida mavsumiy 400 nafar ishchining bandligini ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Tadbirkor yangi bog‘dan har yili 400 tonna bodom yig‘ib olib, xorijga ikki million dollarlik mahsulot eksport qilishni mo‘ljallamoqda.



***
“Nuroniy” jamg‘armasi Qiziriq tumani bo‘limi yangi o‘quv yili arafasida mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning bir guruh farzandini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatladi.

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va ularning farzandlarini har taraflama qo‘llab-quvvatlab, munosib turmush kechirishiga ko‘maklashish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu jarayonda “Nuroniy” jamg‘armasining tumandagi bo‘limi ham ishtirok etayotgani xalqimizga xos mehr-muruvvat va saxovatpeshalik fazilatlarimizni namoyon etdi.

Ijtimoiy himoya muhtoj oilalarning farzandlariga atalgan maktab formasi va o‘quv jihozlarini “Nuroniy” jamg‘armasi tumani bo‘limi rahbari Hamid Kenjayev tuman hokimi Sherxon Allamurotov bilan birgalikda topshirdi.

***
Termiz tumanida “Davraga kel, dugonajon!” deb nomlangan ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.

Davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan umumta’lim maktablari o‘quvchi-qizlari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil etilgan tanlovda ishtirokchilar o‘zlarini tanishtirib, “Qizlar qadriyatlar qanoti, ma’naviyatning qalbidir”, “Saranjom-sarishta, pazanda va epchil qizlar”, “Mening kasbim – mening kelajagim” kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan tanlov millat kelajagi bo‘lgan qizlarni chuqur bilimi, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishga intilish va ishtiyoqini, milliy madaniyati, o‘zi qiziqqan kasbga mehrini keng namoyon etgani bilan barchaga manzur bo‘ldi.

Ko‘rik-tanlov yakunida Qoraxon mahallasida yashaydigan Hilola Turdiyeva faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Navro‘z mahallasilik Marhabo Normo‘minovaga nasib etdi. Quyoshli yurt mahallasida istiqomat qiladigan Gulhayo Shoto‘rayeva uchinchi o‘ringa munosib topildi.
G‘olib va eng faol ishtirokchilar diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri