Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:15 / 2025-07-10

Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi ikki yilda voha yoshlarini har taraflama qo‘llab-quvvatlab, qulay sharoit yaratish maqsadida ta’lim, sport va texnologiyalar sohasida amalga oshirilgan yirik loyihalar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, shu davrda viloyatda yoshlar uchun 1 trillion 164 milliard so‘mlik 740 ta yangi inshoot barpo etilgan yoki tubdan ta’mirlangan. Ularda barcha zamonaviy sharoit yaratilib, 55 ming o‘g‘il-qiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochgan. Jumladan, 494 ta umumta’lim maktabi va 121 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta ta’mirlanib, zamonaviy usulda jihozlangan. 123 ta sport inshooti qayta qurilib, 13 mingdan ziyod yoshning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga keng yo‘l ochgan. Xususan, Termiz shahridagi kurash majmuasi to‘liq qayta qurilib, 14 turdagi yakka kurash bilan shug‘ullanuvchi 1 ming 500 nafar yosh sportchining mashg‘ulotlarni sifatli bajarishi uchun barcha sharoit muhayyo qilingan.

Viloyat markazida 43 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan zamonaviy “IT-park” filiali ham yoshlar uchun ajoyib tuhfa bo‘lgan. Termiz shahri va tumanlarda qad rostlagan 30 ta ko‘ngilochar maskan va yangi ko‘chalar aholi, ayniqsa, yoshlarning eng sevimli go‘shalaridan biriga aylangan.

***

Sherobod tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari yozgi dam olish mavsumini oromgohlarda mazmunli va maroqli o‘tkazishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Ayni paytda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning 63 nafar farzandi tumandagi “Vandob Beshbuloq” oromgohida boshqa tengdoshlari bilan sermazmun hordiq chiqarmoqda. Ular maftunkor tog‘lar qo‘ynidagi so‘lim maskanda tashkil etilayotgan sport musobaqalari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazmoqda. So‘lim tog‘ bag‘riga uyushtirilayotgan sayohatlar ham bolajonlarda katta taassurot uyg‘otmoqda. 

***

Surxondaryo viloyatida “Dolzarb 90 kunlik” doirasida barcha maktablar qoshida tashkil etilgan to‘garaklarda o‘quvchilar sport, musiqa, kitobxonlik va kompyuter savodxonlik kabi yo‘nalishlardagi mashg‘ulotlarda ishtirok etib, bo‘sh vaqtini sermazmun o‘tkazmoqda. Turli ko‘rik-tanlov, musobaqa va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarda bilimlarini sinovdan o‘tkazib, jismonan chiniqmoqda. Maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlar uchun mamlakatimiz va vohaning diqqatga sazovor joylariga tashkil etilayotgan sayohatlar ham o‘g‘il-qizlarda boy taassurot uyg‘otmoqda.

Denov tumanidagi birinchi ixtisoslashgan maktab o‘quvchilarining Buxoro shahriga sayohati ham sermazmun o‘tdi. Qadimiy shahardagi noyob obidalar bilan yaqindan tanishgan o‘quvchilar yurtimizning boy tarixi va buguni haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri