Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:43 / 2025-02-02

Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Angor tumanida mevali daraxt ko‘chati ekish boshlandi.

Qish ob-havosining mo‘’tadil kelayotganidan foydalanayotgan dehqonlar dala chetlari, kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlar, aholi tomorqalari va mahallalarning ichki ko‘chalari bo‘yida mevali daraxt ko‘chatlarini ekib, parvarishlashni rejalashtirmoqda.  

Tumandagi “Zamin Angor klaster” paxtachilik-to‘qimachilik klasteri dalalari chetidagi bo‘sh yerlarga ham yaxshi niyatlar bilan turli mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, ko‘rkam bog‘lar barpo etilmoqda.  

Joriy yil tumanda 76 gektar maydonga 96 ming tup gilos, o‘rik, bodom, nok, olma kabi mevali daraxt ko‘chati ekish mo‘ljallanmoqda.

***

Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Termiz arxeologiya muzeyida bo‘lib, mintaqamizda yagona maskanda saqlanayotgan eksponatlar va osori-atiqalar bilan yaqindan tanishdi.  

Osoyishta hayotimiz posbonlariga xodimlar muzeyning yaratilish tarixi va mavjud eksponatlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi. O‘tmishi boy vohaning rivojlanish bosqichlari, qadimgi madaniyati, jahon ilm-fanini yuksaltirishdagi o‘rni, urf-odat va qadriyatlari, bu yerda saqlanayotgan arxeologik topilmalarning yosh avlodning milliy g‘ururini yuksaltirish va ularni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat hamda o‘tmishdagi buyuk ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati haqida fikr almashdi.  

Muzey bilan yaqindan tanishuv barchada boy taassurot uyg‘otdi.

***

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari Termiz shahridagi 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun “Termiz” va “Termiz” xalqaro savdo markazi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etdi.

Uchrashuvda o‘quvchi-yoshlar bojxona organlarining asosiy vazifalari, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish tartibi, xavfni boshqarish tizimi, bojxona organlarida raqamli bojxona tamoyili hamda bojxona rejimlari haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lib, bojxonachilar olib borayotgan xizmat jarayonlarini kuzatdi. Shuningdek, bojxona postida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, yagona darcha va bank xizmatlari bilan yaqindan tanishdi.

***

Sariosiyo tumanidagi umumta’lim maktablarida “Men farzandimga befarq emasman” shiori ostida otalar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.  

Tumandagi 51-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, o‘quvchilarning ichki-tartib qoidalariga amal qilishi, farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni to‘g‘risida fikr almashildi. Keksa avlod vakillarining taklif va tavsiyalari tinglandi.

Ochiq muloqot yakunida “Farzand tarbiyasida otaning o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri