Termiz shahridagi “Volshebniy Zamok” mas’uliyati cheklangan jamiyati yangi yilda 825 o‘rinli zamonaviy axborot texnologiyalari xususiy maktabini barpo etadi.

Yangi ta’lim muassasasini qurib, ishga tushirish uchun 65 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi. O‘quv maskanida ta’limni zamonaviy ko‘rinishda amalga oshirish uchun barcha sharoit yaratiladi. O‘quvchilarning hayotimizga singib borayotgan axborot texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirishi uchun fan xonalari zamonaviy kompyuter va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.
Yangi yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan maktabda 150 kishining bandligi ta’minlanadi.
***
Boysun tumanidagi Gaza mahallasida yashaydigan Jasur Suvonov tomorqasining ikki sotixida barpo etgan issiqxonada, qulupnay parvarishlashni ham yo‘lga qo‘ydi.


– Shu paytgacha issiqxonamizda bodring yetishtirayotgan edik, – deydi Jasur Suvonov – Bu yil qulupnay ko‘chatlarini ham ekdik. Mehnati kam, daromadi ko‘proq bo‘lgan qulupnay ko‘chatini bir marta eksangiz, uch yilgacha hosil olish mumkin ekan. Yangi yil arafasida pishib yetilgan hosilni yig‘ib, bozorga olib chiqyapmiz. Bundan oilamizga qo‘shimcha daromad kelmoqda.
***
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti talabalari bilan “Bojxonachi bo‘lishni istaysizmi?” mavzuida uchrashuv o‘tkazdi.


Yoshlarning bojxona sohasiga qiziqishini oshirish va bojxonachi bo‘lish istagidagi yoshlarning tasavvurlarini yanada boyitish maqsadida tashkil etilgan tadbirda bojxona sohasi, faoliyati, vazifalari va bojxona xizmatiga qabul qilish tartiblari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ochiq muloqotda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri