Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
12:53 / 2023-09-19

Yangi ko‘mir konida ish qizg‘in

Oltinsoy tumanining tog‘ qo‘ynidagi 205 gektar maydonni egallagan ko‘mir zaxirasi o‘zlashtirilmoqda.

Yillik quvvati 360 ming tonna bo‘lgan yirik loyihani “Turon eko ko‘mir” mas’uliyati cheklangan jamiyati amalga oshirayapti. Loyiha tashabbuskori joriy yilning o‘tgan davrida 150 ming kub kon usti ishlarini bajardi. 20 kilometr masofga yo‘l qurildi. Omborxona barpo etdi. 20 dan ortiq yangi maxsus kon texnika keltirildi. Elektr tarmog‘i tortildi.

Loyiha doirasida 2024-2025 yillarda yiliga 100 ming tonna briket ishlab chiqaradigan zavod has bunyod etiladi. To‘rtta shaxta qazilib, ularga 48 million dollarlik zamonaviy uskunalar o‘rnatiladi. Kon to‘la quvvat bilan ishga tushgach mingga yaqin kishining bandligi ta’minlanadi.

***
Boysunda yangi sement zavodi quriladi

Boysun tumanida yiliga ikki million tonna sement mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi zavod qad rostlaydi.

Mahalliy tadbirkorlar va xorijlik sarmoyadorlar hamkorligida barpo etiladigan korxona ichki va tashqi bozorda xaridorgir qurilish materiali ishlab chiqarish hajmini yanada oshiradi. Tumanning eksport salohiyatini kengaytirib, tog‘li hudud aholisining bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi. Korxona xorijning zamonaviy uskunalari bilan jihozlanadi.

Ayni paytda zavodni barpo etish uchun yer maydoni tanlanib, yo‘l qurish, elektr energiyasi, suv, gaz bilan ta’minlash masalalari o‘rganilmoqda.

Yangi korxona ishga tushgach, 400 ta ish o‘rni yaratiladi. 

***

“Fabullo Story Servis” gazobetoni xaridorgir bo‘lmoqda

Jarqo‘rg‘on tumanida “Fabullo Story Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining gazobeton qurilish materiali ishlab chiqarish korxonasida ish qizg‘in. 

Loyihani amalga oshirish uchun 35 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Xorij uskunalari o‘rnatilgan korxona yiliga 10 milliard so‘mlik 55 ming kub-metr qurilish uchun zarur material ishlab chiqaradi.

Zamonaviy qurilish materiali bo‘lgan gazobeton g‘ovak betonning bir turi bo‘lib, qurilishda keng ishlatiladi. Uning oddiy betondan farqi shundaki, tarkibida 1-3 millimetrli pufakchalar mavjud bo‘ladi. Bu pufakchalar betonning yengil va yetarli darajada mustahkam, binoni issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatiga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Materialni ishlab chiqarish energiya tejamkorligi bilan ham ahamiyatlidir. Pishgan g‘ishtga nisbatan yengil va qulayligi, ish unumdorligini oshirishi bilan quruvchilarda katta qiziqish o‘yg‘otgan.

Jumladan, bir kub-metr pishiq g‘isht 1 ming 800-2000 kilogramm og‘irlikka ega bo‘lsa, shu hajmdagi gazobetonning og‘irligi atigi 500-700 kilogramni tashkil etadi. 

Korxonada 30 kishi mehnat qilib, qurilish uchun zarur, arzon va sifatli gazobeton ishlab chiqarmoqda. Kelgusida korxonani kengaytirish hisobiga qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri