Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:14 / 2023-05-23

Sariosiyo tumanidagi Sangardak qishlog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi mablag‘i hisobidan 200 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy sanatoriy bunyod etilmoqda.

Baland tog‘lar qo‘ynidagi Sangardak qishlog‘i dovrug‘i yetti iqlimga ketgan sharsharasi, go‘zal tabiat manzaralari, boldek shirin mevalari, yoz chillasida dimoqqa xush yoqadigan iforli salqin ob-havosi bilan tanilgan. Dunyo sayyohlarini maftun etayotgan tog‘li hududda qad rostlayotgan 7 qavatli sanatoriyni qurib, ishga tushirish uchun 110 milliard so‘m mablag‘ sarflanmoqda. Ayni paytda bunyodkorlar cho‘qqilarga tutash dam olish maskanida so‘nggi qurilish-pardozlash ishlarini amalga oshirmoqda. 

*** 

Termiz shahrida "Termiz Inter Xotel" mas’uliyati cheklangan jamiyati “Xotel toj” mehmonxonasini foydalanishga topshirdi. 
Zamonaviy loyiha asosida qurilgan 120 o‘rinli mehmonxonada alohida yoki ikki, uch kishi hamda oilaviy yashash uchun barcha sharoit yaratilgan. Keng, shinam xonalar mahalliy va xorijlik sayyohlarning didiga mos jihozlangan.
Muhtasham mehmonxonani bunyod etish uchun tadbirkor uch milliard so‘m o‘z mablag‘i va ikki milliard so‘m tijorat banki kreditidan foydalandi. Mehmonxona ishga tushirilishi bilan 25 kishining bandligi ta’minlandi.

*** 

Prezidentimizning joriy yil 10 apreldagi “Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq Termiz tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida ham qishki isitish tizimini muqobil energiya manbasi – ko‘mir yoqilg‘isi bilan ishlashga moslashtirish boshlandi. 
Dastlabki loyiha tumanning Yangihayot mahallasidagi 4-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida amalga oshirilmoqda. 280 o‘rinli binoni isitishga mo‘ljallangan qozonxona modernizatsiya qilinib, energotejamkor uskunalar o‘rnatilmoqda. 
Ta’lim muassasasida “Jarqo‘rg‘on ishchi ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari 220 million so‘m mablag‘ evaziga binoni isitishga mo‘ljallangan qozonxona barpo etib, quyosh panellarini ham o‘rnatib beradi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA