Denov tumani Nurli manzil mahallasida barpo etilgan “Denov oltin don” mas’uliyati cheklangan jamiyatining un ishlab chiqarish korxonasi foydalanishga topshirildi.
Loyiha qiymati 14 milliard 300 million so‘mlik yangi korxona yiliga 22 ming tonna donni qayta ishlash quvvatiga ega. Xorijning zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan sexlarda 50 kishining bandligi ta’minlandi.


Korxonaning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov ishtirok etdi.
***
Angor tumanida “Termiz-202” navli ingichka tolali paxta gulladi. Joriy yilda tumandagi “Zamin Angor cluster” paxtachilik-to‘qimachilik klasteri va 33 ta fermer xo‘jaligi 4 ming 730 gektar maydonda dehqonchilik qilib, 2 ming 630 gektarda “Yuksalish” navli paxta hamda 2 ming 100 gektar maydonda “Termiz-202” navli ingichka tolali paxta nihollarini parvarish qilmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, viloyatda g‘o‘za nihollari iyun oyining boshida gul ko‘rsata boshlaydi. Keyingi yillarda sohada klaster tizimi yo‘lga qo‘yilib, paxtachilikda ilg‘or usullar joriy etilayotgani hosilning erta pishib yetilishida muhim omil bo‘lmoqda. Odatda g‘o‘zaning pishish davri 120-130 kunni tashkil etgan bo‘lsa, chigitning erta bahorda qadalayotgani va ob-havoning issiq kelayotgani paxta hosilining pishib yetilish davrini qisqartirmoqda.

“Zamin Angor cluster” paxtachilik-to‘qimachilik klasteri dalalarida hosil nishonlari ko‘zga tashlanib qolgan g‘o‘za maydonlarida nihollarni parvarishlash qizg‘in davom etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil viloyat dehqonlari 16 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos va serhosil ingichka tolali paxta yetishtirmoqda.
***
Tog‘li Boysun tumani aholisi tomorqasining bir qismida dorivor achchiq bodom va na’matak o‘simligini yetishtirish ham oilalarga mo‘maygina qo‘shimcha daromad olib kelmoqda. Ayni paytda tumandagi Mustaqillik mahallasida yashaydigan Jabbor Rashidov 25 sotix tomorqasidan oqilona foydalanib, uning bir qismida achchiq bodom va na’matak parvarishlamoqda. Jumladan, ikki sotix issiqxonada bodring yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan sohibkor 3 sotix ochiq maydonda pomidor, yarim sotix yerda qulupnay, 3,5 sotixida poliz ekinlari yetishtiradi. 8 sotix maydonda uzum bog‘i barpo etgan. 8 sotix yerdagi achchiq bodom va na’matak o‘simligi shifobaxsh mevasining ham o‘z xaridorlari bor.


Mo‘’jazgina yer maydonidan turli hosil olib, oilaviy byudjetini mustahkamlayotgan sohibkor dehqonchiligini boshqa tomorqa yer egalariga ham o‘rgatib, tumanda shifobaxsh meva yetishtirish tajribasini ommalashtirishga e’tibor kuchaytirilmoqda.
***
Oltinsoy tumanida sportning sohil kurashi turi bo‘yicha Surxondaryo viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada katta polvonlar 15, yosh kurashchilar 20 vazn toifasi bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Sohil kurashi – milliy kurashimizning asosan qum ustida bellashiladigan sport turi bo‘lib, keyingi yillarda yanada ommaviylashib bormoqda.

Murosasiz kechgan musobaqada Oltinsoy tumani polvonlari 9 ta oltin, 7 ta kumush va 5 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. O‘z vaznlari bo‘yicha viloyat chempionligini qo‘lga kiritgan oltinsoyliklar, shuningdek, joriy yilning 6-12 iyun kunlari Namangan shahrida o‘tkaziladigan sohil kurashi bellashuvlarining mamlakat bosqichida qatnashish uchun yo‘llanma oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri