Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:53 / 2023-05-07

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumanidagi 3– maktabda amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.

Mazkur ta’lim muassasasi 1 ming 176 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, viloyatdagi ta’mirga muhtoj maktablarda qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish dasturi doirasida qayta rekonstruksiya qilinmoqda. Bu ishlarni sifatli amalga oshirib, o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun barcha zamonaviy sharoitlarni yaratish uchun 3 milliard 900 million so‘m mablag‘ ajratilgan. 
Hozir maktab binosida demontaj, elektromontaj hamda tom qismini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Viloyat rahbari bu yerda bajarilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, qurilish ishlarini tez, sifatli amalga oshirish va belgilangan muddatda foydalanishga topshirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalarini bildirdi. 

Dasturga ko‘ra, joriy yil viloyatda 61 ta ta’mirga muhtoj maktab qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofada bo‘y ko‘rsatadi. 

Termiz tumanidagi “Surxon Termiz chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan chinni buyumlari arzon va sifatliligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Korxona bir ish kunida 18 ming donagacha nafis chinni buyum ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun sexlar xorijning zamonaviy va energotejamkor uskunalari bilan jihozlangan. Mahsulot tayyorlash uchun xomashyo Sherobod tumanidagi “Jerdanak” kaolin konidan olinmoqda. 
Mutaxassislarning fikricha, “Jerdanak” kaolinidan tayyorlangan chinni va keramika buyumlari o‘ta sifatliligi bilan ajralib turadi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan bejirim, arzon choynak-piyola va boshqa ellikka yaqin turdagi chinni buyumlarning bir qismi mamlakatimizdagi buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda. Mahalliy bozordan ortiq qismi qo‘shni Tojikiston va Afg‘onistonga eksport qilinmoqda. 

Sherobod tumanidagi “Mushtar star invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatida polietilen qop va turli qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Loyiha qiymati 6 milliard so‘mlik zamonaviy korxona xorij uskunalari bilan jihozlangan. Korxonada yiliga 25 ming tonna polietilen qop va turli qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqariladi. 
Ayni paytda 20 kishi mehnat qilayotgan korxona mahsulotlari viloyatdagi buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda. Kelgusida korxona yanada kengaytirilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari barpo etiladi. 

Angor tumanidagi Bahor mahallasida yashaydigan Nargiza Namozova 30 sotix tomarqasining to‘rt sotixida mo‘’jazgina issiqxona barpo etib, ertachi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Buning uchun tijorat bankining 33 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘idan foydalandi. Shu kunlarda issiqxonada pishib yetilgan pomidor va bulg‘or qalampiri peshma-pesh xaridorlarga yetkazib berilmoqda.
–Issiqxonamizga pomidor va bulg‘or qalampiri ekkanmiz, – deydi N.Namazova. – Qaynonam va men doimiy ish bilan bandmiz. Hosil mo‘l bo‘ldi. Shunga yarasha daromad ham yaxshi bo‘ladi, degan niyatdamiz. Oilamiz byudjetiga qo‘shimcha daromad keltirish uchun mehr berib, ishlayapmiz. 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA