Joriy yil bahorning boshlanishi nisbatan mo‘’tadil kelganidan foydalangan viloyat dehqonlari paxta maydonlarini barvaqt chigit ekishga hozirlab, baraka urug‘i qadagan edi. Yurtimizda Navro‘zi olam nishonlanayotgan shu kunlarda erta sepilgan urug‘ bir tekis unib chiqa boshladi.
Bu yil viloyat dehqonlari 72,3 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, 257 ming tonna paxta xom ashyosi yig‘ib olishni mo‘ljallamoqda. Yerga chigit qadashni tez, sifatli yakunlash uchun 281 ta ekish otryadi tashkil etilib, barcha ishlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Baraka urug‘i sepishga 760 dan ortiq malakali mutaxassis va 6 ming 515 ta texnika jalb etilgan. Hozirgacha vohada qariyb 20 ming gektar maydonga baraka urug‘i qadaldi.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, shu kungacha Qiziriq tumanida urug‘ sepilgan maydonlarning qariyb 200 gektarida, Angor tumanida yuz gektardan ortiq yerda chigit bir tekis undirib olinib, dastlabki ishlov berilmoqda.

Voha dalalarida chigit ekish qizg‘in davom etmoqda.
***
Viloyat g‘allakorlari o‘tgan yil kuzda bu yilgi hosil uchun 100 ming 100 gektar maydonga boshoqli don urug‘ini qadab, undirib olgan edi. Shu kunlarda ko‘kka bir tekis bo‘y cho‘zayotgan g‘alla maydonlarida maysalarni oziqlantirib, ikkinchi bosqich bahorgi parvarishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun 30 ming 300 tonna mineral o‘g‘it g‘amlangan. Hozirgacha g‘allakorlar qariyb 86 ming gektar maydondagi maysani ikkinchi marta oziqlantirdi.

Tahlillarga ko‘ra, viloyatdagi g‘alla maydonlarining 13 ming gektari 3-4 barg, 87 ming gektari barg to‘plash fazasida rivojlanmoqda. Maysalarga suspenziya asosida hashoratlarga qarshi qayta ishlov berish ham sifatli olib borilmoqda.
Joriy yilda viloyat g‘allakorlari mavjud maydonlardan 685 ming tonnadan ortiq sara don yig‘ib oladi.
***
Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Oydin maqsad” mas’uliyati cheklangan jamiyati Surxon sohili mahallasi bolajonlarning Navro‘z bayramiga ajoyib sovg‘a tuhfa qildi. Davlat-xususiy sherikchilik asosidagi “Oydinoy” nomli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini foydalanishga topshirdi.

Barcha sharoitlarga ega maktabgacha ta’lim muassasasi 50 o‘ringa mo‘ljallangan. Zamonaviy usulda jihozlangan maktabgacha ta’lim tashkilotida rus va ingliz tili, mental arifmetika to‘garaklari faoliyat yuritadi. Bolajonlar gimnastika bilan shug‘ullanadi. Bunday qulayliklar yosh avlodning chuqur bilim va har taraflama sog‘lom kamolga yetishida muhim o‘rin tutadi.

Yangi muassasani foydalanishga topshirish marosimida tuman hokimi Elmurod Avazov va boshqalar ana shu haqda atroflicha so‘z yuritdi. Davlat-xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida kelajagimiz egalari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri