Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
09:52 / 2023-02-24

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Qosimov Islom Taraqqiyot bankining Edzvan Anvar boshchiligidagi vakillari bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida Islom Taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Surxondaryo viloyatida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash (Hazarbog‘-Oqqapchig‘ay kanallari tizimini qayta tiklash)” loyihasi doirasida bajarilayotgan ishlar muhokama etilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Loyihaning umumiy qiymati 121,66 million dollarni tashkil etadi. Mazkur mablag‘ evaziga Hazarbog‘-Oqqapchig‘ay kanallari tizimi qayta tiklangach, vohadagi 103 ming 400 gektar sug‘oriladigan ekin maydoni kafolatli suv bilan ta’minlanadi.  

Uchrashuvda shuningdek, Surxondaryo viloyatida suv resurslari ta’minotini yaxshilash uchun kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi investitsiya loyihalari ko‘rib chiqildi.

***

Termiz shahridagi Saxovat mahallasining 1,3 gektar yer maydonida Surxondaryo viloyati hokimligi bog‘i barpo etilmoqda. Ayni paytda foydalanilmay turgan yer tekislanib ko‘chat ekishga tayyorlanmoqda. Bog‘ni o‘z vaqtida parvarishlab, obi-hayot bilan ta’minlash uchun sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Yangi bog‘da o‘n mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazilib, xushmanzara yashil maydon barpo etiladi.  

***

Qiziriq tumanida 2,6 gektar maydonda yangi limonzor barpo etilmoqda. Zartepa mahallasi hududida qad rostlayotgan zamonaviy kompleksga “Mir” navli serhosil limon ko‘chatlari o‘tkaziladi. Qisqa vaqtda sohibkorlar bu yerga ikki ming tupdan ortiq ko‘chat ekdi.  

Loyiha qiymati 2 milliard so‘mlik kompleksni “Kelajak zamini” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomorqa xizmati tomorqachilik klasteri barpo etmoqda. Limonzorda 30 kishi ish bilan ta’minlandi.  

***

Joriy yilning 25-26 fevral kunlari Jarqo‘rg‘on tumanidagi Qizilmozor motoso‘qmoqlarida “Motokross” bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va O‘zbekiston birinchiligining dastlabki bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tadi.  

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashkil etayotgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 130 dan ortiq sportchi qatnashadi.

Bellashuvning dastlabki kuni O‘zbekiston chempionati bahslarida 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 65, 85, 125 sm3 hajmli mototsikllarda, ikkinchi kuni O‘zbekiston birinchiligi uchun 18 yoshdan yuqori bo‘lgan sportchilar 350, 500 va 750 sm3 hajmli mototsikllarda o‘z mahoratini namoyish etadi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri