Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da “Amir Temur o‘g‘lonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” nomidagi Surxondaryo viloyati hokimi sovrini uchun o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari 2019 yilning 17-18 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Denov tumanidagi harbiy qismda Vatanimiz himoyachilari bilan uchrashib, ularning ma’naviyatini yuksaltirish, jangovar shayligini mustahkamlash hamda hududga xos milliy qadriyatlar, shu jumladan baxshichilik san’atining ahamiyatini o‘rgatish, ot minish mahoratini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan edi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari To‘ra Bobolov taklifi bilan Janubiy operatsion yo‘nalish boshqaruvi guruhi harbiy xizmatchilari o‘rtasida viloyat rahbari sovrini uchun “Amir Temur o‘g‘lonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” nomidagi tanlov tashkil etildi. 2019 yil noyabr-dekabr oylarida “Kitobxonlik va kitob mutolaasi”, “Ot minish mahorati”, “Baxshichilik va dostonchilik san’ati” va “Tasviriy san’at” yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan tanlovning harbiy qismlar bosqichida o‘z mahoratini namoyish etgan tinchligimiz qo‘riqchilari safidan saralab olingan eng zukko, bilimdon va iste’dodli 64 nafar harbiy xizmatchi tanlovning viloyat bosqichida faol ishtirok etdi. G‘oliblar pul mukofoti, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

Tanlov 2019 yilda faqat Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkazilib, 400 ga yaqin ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, o‘tgan yili viloyatdagi barcha kuch tuzilmalari o‘rtasida tashkil etilib, 3 mingga yaqin harbiy xizmatchilar va boshqa kuch tuzilmalari xodimlari ishtirok etdi. Shuningdek, dastlabki yilda mazkur tanlov “Kitobxonlik va kitob mutolaasi”, “Baxshichilik va dostonchilik”, “Tasviriy san’at”, “Ot minish san’ati” yo‘nalishlarida o‘tkazilgan bo‘lsa, o‘tgan yili “Chanqovuzda kuy ijro etish yo‘nalishi” ham qo‘shildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 29 yilligi va 14 yanvar¬ “Vatan himoyachilari kuni” arafasida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda o‘tgan yilgi tanlovning viloyat bosqichi g‘oliblariga “Alpomish” dostoni, diplom, kubok va birinchi o‘ringa 10, ikkinchi o‘ringa yetti hamda uchinchi o‘rin sohibiga 5 million so‘mdan pul mukofotlari tantanali topshirildi.
Nufuzli hakamlar hayati xulosasiga ko‘ra, “Baxshichilik va dostonchilik san’ati yo‘nalishi” bo‘yicha 1-o‘rin Mudofaa vazirligining Sherobod tumanidagi harbiy qism oddiy askari Salim To‘qsonovga nasib etdi.

Ichki Ishlar vazirligi maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha maxsus otryadi 1-guruh portlash xavfi bo‘lgan predmetlar bo‘yicha katta mutaxassisi, mayor Jo‘rabek Xo‘jaqulov ikkinchi, O‘zbekiston Milliy Gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy qism moddiy texnik ta’minoti vzvodi qo‘riqlash va xizmat ko‘rsatish guruh komandiri, kapitan Eldor Xurramov uchinchi o‘rinni egalladi.
“Ot minish mahorati yo‘nalishi”da Mudofaa vazirligining Sariosiyo tumanidagi harbiy qismda shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar Ulashboy Ibrohimov birinchi, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy qismida shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar Alisher Nomanov ikkinchi, Jarqo‘rg‘on tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi tayanch punktlari profilaktika inspektori, leytenant Ikrom Mamatmo‘minov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“Kitobxonlik va kitob mutolaasi yo‘nalishi”da birinchi o‘ringa Mudofaa vazirligining Xayrabod garnizoni harbiy qism muddatli harbiy xizmatchisi, kursant Ruslan Xusanov, ikkinchi o‘ringa DXX Chegara qo‘shinlari harbiy qism vzvod komandiri o‘rinbosari, leytenant Ozodjon Safarov hamda viloyat bojxona boshqarmasi Jarqo‘rg‘on tashqi iqtisodiy faoliyat boshqarma posti inspektori Shahzod Abdimannonov, uchinchi o‘ringa O‘zbekiston Milliy Gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy qism 3-patrullik otryadi, 1-guruh mutaxassis o‘qchi, o‘qchi serjanti Surayyo Nurboyevalar munosib topildi.

“Tasviriy san’at yo‘nalishi”da 1-o‘rinni Mudofaa vazirligining Termiz garnizoni harbiy qism uchinchi darajali serjanti Olchinbek Hamroyev, 2-o‘rinni Mudofaa vazirligining Sherobod garnizoni harbiy qism katta serjanti Sherzod Aliqulov, uchinchi o‘rinni DXX Chegara qo‘shinlari harbiy qism harbiy xizmatchisi, kichik serjant Farrux Yorqulovlar egalladi.
“Chanqovuzda kuy ijro etish san’ati yo‘nalishi” bo‘yicha Mudofaa vazirligining Termiz garnizoni harbiy qism kichik serjanti Davron Rabbimovga birinchi, Mudofaa vazirligining Kakaydi garnizoni harbiy qismda shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar Mirshoxid Zokirovga ikkinchi, Surxondaryo viloyat IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul post xizmati bataloni saf bo‘linmalari 2-otryad safdor xodimi, safdor Sarvinoz Aliqulovaga uchinchi o‘rin nasib etdi.
Tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA