Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo viloyati hokimi sektorlar faoliyatini tanqid qildi
12:32 / 2022-04-30

Termizda Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, viloyatdan Oliy Majlis Senatiga saylangan senatorlar, huquq-tartibot idoralari, viloyat tashkilot, korxona va muassasalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Sessiyada viloyat hokimi To‘ra Bobolovning o‘zi rahbarlik qilayotgan birinchi sektorda joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan hisoboti tinglanib, muhokama etildi. 

– Mamlakatimizda keyingi yillarda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar Yangi O‘zbekistonni barpo etishning mustahkam poydevorini yaratishga xizmat qilmoqda, – dedi To‘ra Bobolov. – Bu jarayonda katta-kichik rahbarlarning xalq ichiga kirib, ochiq muloqot qilishi yo‘lga qo‘yilgani, hududlarni to‘rtta sektorga bo‘lib, sektor rahbariga mahallalarni har taraflama rivojlantirish, mavjud muammolarni joyida hal etib, aholining turmush darajasini yuksaltirishdek muhim vazifalar belgilab berilgani odamlarning bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashida muhim o‘rin tutmoqda.

Bu yangilanishlarning bevosita ishtirokchisi sifatida ba’zan shu tizimlar bundan olti yilcha oldingi davrda joriy etilganida bugun tadbirkorlik ham, xalqimizning turmushi ham, mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy hayoti ham hozirgi darajasidan ancha yuqori bo‘larmidi, degan hayolga boraman. To‘g‘ri, o‘sha yillarda ham ishlamadik, demaymiz. Ishladik. Lekin, hozirgidek bir tizim asosida mehnat qilmadik. 

Mana, endilikda hokim bo‘ladimi, tashkilot rahbari bo‘ladimi o‘ziga yuklatilgan aniq vazifasi bor. Aholining dardu-tashvishini tinglab, ular o‘rtaga tashlayotgan masalalarni yechadigan tizim mavjud. Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilining dastlabki choragida bu vazifalarni bajarish uchun viloyatdagi birinchi sektorda qanday ishlar amalga oshirildi? Qanday kamchiliklar bo‘ldi? Kelgusida xalqimizni rozi qilish uchun yana nimalar qilishimiz kerak? Bugun shu haqda hisobot berib, sizlar bilan maslahatlashib olmoqchiman.

Qayd etildiki, viloyatning birinchi sektorida 176 ta mahalla bo‘lib, 166 ming 211 ta oilada 689 ming 920 kishi istiqomat qilmoqda. Yil boshidan buyon joylarda 11 ta sayyor qabul o‘tkazilib, aholining murojatlari tinglandi. Ochiq muloqotlarda 1 ming 193 fuqaro 1 ming 428 ta masalani o‘rtaga tashladi. Ularning 895 tasi yoki 63 foizi o‘z yechimini topdi. 254 tasiga asosli tushuntirish berildi. 279 tasi qatiy nazoratga olinib, ularni yechish yo‘llari izlanmoqda.

Sayyor qabullarda murojaat etgan chin yetimlar, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oilalar farzandlarining oliy o‘quv yurtlaridagi kontrakt to‘lovlari, davolanishi va jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi uchun xalq deputatlari viloyat kengashi qarorlari bilan 700 million so‘m mablag‘ ajratildi. 

Boysun tumanidagi og‘ir hududlar – O‘rmonchi, Duoba va Dehibolo mahallalarida 20 kilometr masofaga suv tarmog‘ini tortib, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash uchun D-76 millimetrli quvur olib kelindi. Sektordagi og‘ir hudud toifasiga kiruvchi 44 ta mahallaning 180 kilometr yo‘liga tosh-shag‘al yotqizildi. 41 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilib, 77 ta ichimlik suv inshooti ta’mirlandi. 122 kilometr elektr uzatish tarmog‘i, 181 ta transformatorlar ta’mirlandi, yangisiga almashtirildi. 695 ta tayanch ustun o‘rnatildi. 6 kilometr gaz tarmog‘i tortilib, 976 ta gaz tarmog‘i ta’mirlandi. 132 ming 127 dona suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi. Aholiga 711 tonna ko‘mir mahsuloti yetkazildi.

–Shu o‘rinda bir masalaga e’tiborlaringizni qaratmoqchiman, – dedi viloyat hokimi. – Yilning dastlabki choragida O‘zbekiston Respublikasining Prezident virtual va Xalq qabulxonalariga aholidan 41 ming 724 ta turli masaladagi murojaat tushib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan soni 8 mingtaga kamaygan bo‘lsada, bolalar nafaqasi, ish bilan ta’minlash, sud qarorlari va aliment undiruvi, ichki yo‘llarni ta’mirlash, uy-joy bilan ta’minlash kabi masalalarda murojaatlar keskin oshgan. 

Endi haqli savol tug‘iladi. Tuman va shahardagi sektorlar rahbarlari hududlarida “dardingiz nima?”, “nima muammongiz bor?”, deb fuqarolariga yuzlanayaptimi, o‘zi? Hududlar mahallabay o‘rganilayaptimi? Masalan, Denov, Boysun,Termiz, Uzun kabi tumanlarda oʻtkazgan ommaviy qabullarda odamlarning tuman darajasida hal etiladigan oddiy masalalar boʻyicha menga murojaat etayotganini qanday izohlash mumkin? 

Hisobotda sektor hududida istiqomat qilayotgan aholining hayotdan rozi boʻlib yashashiga erishish uchun elektr energiyasi, toza ichimlik suv, gaz ta’minoti, ta’lim, tibbiyot, bandlik va boshqa sohalarda yuz bergan yangilanishlar chuqur tahlil qilindi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash, yoshlar va ayollar muammolarini hal etish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar ijrosi, kelgusida amalga oshiriladigan muhim vazifalar  haqida atroflicha ma’lumot berildi. 

Sessiyada shuningdek, viloyat hayotiga oid boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, 
OʻzA muxbiri