Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo va Xitoyning Xeylunszyan provinsiyasi do‘stona aloqalarni mustahkamlaydi
16:36 / 2023-08-17

Shu kunlarda Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Oripov boshchiligidagi mahalliy hokimlar, ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya amaliy safar bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

Bu haqida O‘zAga Xitoyning Xeylunszyan provinsiyasidan xabar bergan viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatovning ma’lum qilishicha, safar chog‘ida delegatsiya a’zolari rasmiy uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Hududlar bilan investitsiyalar, sanoat, savdo va turizm hamkorligi istiqbollariga bag‘ishlangan forumlarda qatnashmoqda. Ishbilarmon doira vakillari hamda salohiyatli kompaniyalar bilan “B2B” va “G2B” formatdagi uchrashuvlar o‘tkazib, yirik korxonalarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishyapti. Mahsulotlar va savdo ko‘rgazmasida ishtirok etib, Surxondaryo viloyati va Xeylunszyan provinsiyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirdi.  

Mamlakatimizning janubdagi vohasi Xitoy Xalq Respublikasi bilan tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun investitsiya va turizm yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yaxshi yo‘lga qo‘ygan.    

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda xorij sarmoyadorlari uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani va O‘zbekiston –Xitoy o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning yangi bosqichda rivojlanayotgani to‘g‘ridan to‘g‘ri xorij investitsiyalari jalb etishga qulay muhit yaratdi. Shunga muvofiq ayni paytda Surxondaryo iqtisodiyoti tarmoqlarida boshqa rivojlangan davlatlar qatori Xitoyning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari faol ishtirok etayotgani bunga yaqqol dalildir. Ular orasida neft-gaz, kimyo, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi sohasi, yengil sanoat va boshqalar bor. O‘tgan yili barcha sohalarda xitoylik hamkorlar bilan 102,5 million dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilda 31 million dollarlik loyiha ishga tushirilib, 500 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati tashqi savdo aylanmasining 20,7 foizi Xitoy Xalq Respublikasi ulushiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 77,2 million dollarni tashkil etib, Xitoyga 45,7 million dollarlik mahsulot jo‘natilgan bo‘lsa, Xitoydan 31,5 million dollarlik mahsulot import qilingan.  

Amaliy safar doirasida dastlab Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Oripov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Xeylunszyan provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Yuy Szyan bilan uchrashdi.  

Uchrashuvda Surxondaryo va Xeylunszyan o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar atroflicha muhokama etilib, qishloq xo‘jaligi, konchilik, chorvachilik, sanoat, turizm hamda ikki tomonlama savdo yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirish, hududlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish, birgalikda sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. 

Kecha Xarbin shahrida Surxondaryo viloyati delegatsiyasi va Xeylunszyan provinsiyasi rasmiylari, yuzdan ortiq Xitoy kompaniyalari rahbarlari hamda vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi. Unda O‘zbekistondagi islohotlar, investorlarga yaratilgan sharoitlar, turizm va Surxondaryo viloyatining iqtisodiy imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.  

Forum doirasida Xitoy kompaniyalari vakillari bilan “G2B” va “B2B” formatida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “Binsi” iqtisodiy va texnologik rivojlanish hududi bilan hamkorlik istiqbollarini yuksaltirish, “Harbin Electric International” kompaniyasi bilan Qiziriq tumanida quyosh elektr stansiyasini o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, “Yang Zhonhang Association” Xitoy kompaniyalari uyushmasi bilan oziq-ovqat sanoati, savdo-sotiq, texnologik hamkorlik, foydali qazilmalarni qayta ishlash, turizm va ishlab chiqarish sohalarida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik qilishga, Xitoy tadbirkorlari delegatsiyasining joriy yil oktyabr oyida Surxon vohasiga safarini amalga oshirishga kelishildi. Delegatsiya a’zolari provinsiyadagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqarish, sotish va texnologik konsalting faoliyati bilan shug‘ullanadigan “Heilongjiang Beidahuang Agricultural Servis” kompaniyasida bo‘lib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.  

Viloyat delegatsiyasi rahbari Anvar Oripovning “Heilongjiang Beidahuang Agricultural Servis” kompaniyasi rahbari Chin Szyansao bilan o‘tkazgan muzokarasida vohaga zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishilib, viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiradigan klasterlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar imzolandi.  

–Delegatsiyamiz a’zolarida "DONGTAI Technology Development" kompaniyasi bilan tanishuv ham taassurotlarga boy bo‘ldi,–deydi Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov.– Kompaniya tashkil etilganiga uch yil bo‘lmoqda. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan aqlli boshqaruv va elektron, asbobsozlik, aloqa uskunalari, apparat va aksessuarlar, texnik konsalting, xizmat ko‘rsatish hamda kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan boshqa mahsulotlar tadbirkorlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi. Bugun Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan “Surxondaryo –Pekin o‘rtasida investitsiyalar, sanoat, savdo va turizm hamkorligi istiqbollari” mavzuiga bag‘ishlangan forumda ishtirok etamiz. Pekin shahridagi ishlab chiqarish kompaniyalari vakillari bilan “G2B” va “B2B” formatida uchrashuvlar o‘tkazamiz. Innovatsion qishloq xo‘jaligi markazi bilan yaqindan tanishamiz.  

Surxondaryo viloyati delegatsiyasining amaliy safari ertaga – 18 avgust kuni “2023– Xitoy-Yevroosiyo EKSPO” mahsulotlar ko‘rgazmasida qatnashish, SHUAR rayoni kompaniyalari  bilan kompaniyalari vakillari bilan “G2B” va “B2B” formatida uchrashuvlar o‘tkazish, SHUAR rayoni gubernatori Erkin Tuniyazov bilan uchrashuv bilan yakunlanadi.    

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri