Termiz shahrida joriy yilning 24-26 may kunlari O‘zbekiston va Afg‘oniston ishbilarmonlari ishtirokida biznes forum, hududlar va tarmoqlararo sanoat yarmarkasi hamda kooperatsiya birjasi, shuningdek, “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatida mazkur tadbirga puxta hozirlik ko‘rilib, ko‘cha va xiyobonlar tadbir mazmuniga mos bannerlar bilan bezatilayotir. Biznes forum, ko‘rgazmalar, sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkaziladigan hududlarda yirik hajmdagi obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Pandemiya sharoitida mehmonlarni kutib olish, tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Termiz shahridagi muhtasham “San’at saroyi” bog‘ida mamlakatimiz viloyatlari hamda Surxondaryoda ishlab chiqarilayotgan qurilish mollari, elektr texnikasi, charm, tekstil sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar, milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi uchun maxsus joylar hozirlanmoqda. O‘zbek-afg‘on ishbilarmonlarining ikki tomonlama tematik sessiyalarini tashkil etish, o‘zaro shartnoma tuzib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tarmoqlararo sanoat yarmarkasida ishtirok etadigan yirik tarmoq korxonalari hamda vohaning mazkur tarmoqlar uchun mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun ham barcha qulaylik yaratilayotir.
Biznes forum doirasida mehmonlarni viloyatda so‘nggi yillarda ishga tushirilgan qator zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarga sayohatlar uyushtirish mo‘ljallanmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA