Prezident farmoni amalda
Surxondaryo viloyatida shu yilning o‘tgan davrida 616 tadbirkorlik sub’ekti bino- inshootlariga 9,591 MVtli, 740 ta ijtimoiy soha ob’ekti va davlat idoralarida 15,895 MVtli, 4 ming 640 ta aholi xonadonida 13,440 MVtli kichik quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatildi.
Prezidentimizning 2022 yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”dagi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Shunga muvofiq vohada quyosh panellari o‘rnatilayotgani ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’ektlari va aholi xonadonlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlab, energiya taqchilligining oldini olayotir. Xonadonlarda muqobil energiya manbalaridan qo‘shimcha daromad topishga qulay muhit, keng imkoniyat yaratmoqda.
Mamlakatimizda zamonaviy sanoat rivojlanib, turli xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengayib borayotgani va yangi turar joy binolari bunyod etilib, energiyaga bo‘lgan talab yil sayin ortayotgani energiya manbalaridan oqilona foydalanishni talab etmoqda. Shu bois vohada energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya sarfi hajmini keskin kamaytirish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sanoat korxonalarida ma’nan eskirgan dvigatellarni energotejamkor yangisiga almashtirish yuzasidan keng qamrovli targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, sayyoramizda energiya manbalari taqchillashuviga bu boylik sarfiga loqayd munosabatda bo‘lish ham qisman sabab bo‘lmoqda. Masalan, hozir har bir xonadonda televizor bor. Deyarli barcha xonadonlarda u boshqaruv pultidan o‘chirilib, asosiy elektr quvvatidan uzib qo‘yilmaydi. Natijada televizor sxemalari ishlab, bir oyda o‘rtacha 20 kVt soat energiyani behuda sarflaydi. Bu endi bitta televizorning ortiqcha iste’mol qilgan elektr energiyasi. Agar Surxon vohasida mavjud 500 mingdan ortiq xonadonning barchasida bir oy bittadan televizor faqat boshqaruv pultidan o‘chirilib, energiya tarmog‘idan uzib qo‘yilmasa, qancha elektr quvvati behuda sarf bo‘lishini hisob-kitob qilib, xulosa qilavering.

Energetiklarning aytishicha, quvvati 7 Vt bo‘lgan bir dona svetodiod lampadan foydalanish quvvati 100 Vt bo‘lgan bitta cho‘g‘lanma lampaga nisbatan bir yilda o‘rtacha 400 kVt soat elektr energiyasi yoki 118 ming so‘m mablag‘ni tejab qoladi. Chunki, zamonaviy svetodiod lampalar cho‘g‘lanma lampaga nisbatan 85 foiz kam elektr energiyasini iste’mol qiladi.
Viloyatda elektr energiyasini tejash va muqobil elektr manbalaridan oqilona foydalanish hamda mavjud imtiyozlarga qaratilgan targ‘ibot ishlari o‘z samarasini berayotir. Aholining kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatishga qiziqishi ortmoqda. Jumladan, yilning o‘tgan davrida viloyatning Sariosiyo tumanida 468 ta, Termiz tumanida 355, Uzunda 422, Termiz shahrida 267, Jarqo‘rg‘on tumanida 337 ta xonadon quyosh elektr panellaridan foydalanishni yo‘lga qo‘ydi. Quyosh panellarining qulay va ishonchli elektr quvvati ekanini chuqur anglayotgan Sho‘rchi, Qiziriq, Oltinsoy, Angor kabi tumanlar xonadonlarida ham kichik quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish jadallashmoqda.
Ayni paytda Angor tumanida 117 xonadon quyosh panellaridan foydalanmoqda. Ular safida ehtiyojidan ortiq elektr energiyasini mahalladoshlariga uzatib, qo‘shimcha daromad olayotgan tadbirkorlar ham bor. Qadimiy Angor mahallasida yashovchi Hasan Begimov xonadoniga 50 kVtli kichik quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatib, oyiga 32 million so‘mgacha daromad olmoqda. Buning uchun tadbirkor 300 million so‘m o‘z mablag‘ini sarflab, tijorat bankidan 300 million so‘m imtiyozli kredit olgan.

– Quyosh panelidan daromad topish uchun bir marta sarmoya kiritish kerak bo‘lar ekan, – deydi Hasan Begimov. – Bu mablag‘ga quyosh paneli, invertor, energiya hisoblagich xarid qilish kerak. Ularni o‘rnatib olgach, faqatgina quyoshdan elektr energiyasini qabul qilib olib, ortiqchasini iste’molchiga sotish kerak. Aqlli hisoblagich, o‘zi hisoblab, tarmoqqa qancha elektr energiyasi yetkazib berilayotgani va qancha so‘m bo‘layotganini ko‘rsatib turadi. Buni istasangiz qo‘l telefoningizga, xohlasangiz kompyuterga o‘rnatib olasiz. Har oyning 25-kunida hisobingizga elektr energiyasi puli kelib tushaveradi.
Hozir xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan tadbirkor bir kunda tarmoqqa ehtiyojidan ortgan 1 ming 80 kilovatt elektr energiyasini yetkazib bermoqda. Har oyda bu 32 ming 400 kilovattni tashkil etayotir. Shu hisobda xonadon sohibi bir oyda 32 million 400 ming so‘m daromad olmoqda. Bu mablag‘ning 8 million 166 ming so‘mi bank kreditiga to‘lanyapti. Tadbirkorga 24 million 233 ming so‘m sof foyda qolmoqda.

– Buning yana bir afzalligi shundaki, quyosh panelini o‘rnatguncha uyimizda tarmoqdan kelayotgan energiya 160-170 kilovatt bo‘lib, yozda sovitgichlarni ishlatib bo‘lmas edi, – deydi Hasan Begimov. – Endilikda mahallamizda davlatning elektr energiyasiga qo‘shilgan holda 30 ga yaqin xonadon quyosh paneli yordamida 223-225 kilovatt elektr quvvatidan foydalanmoqda. Bularning barchasi davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan joriy etilgan “quyoshli xonadon” dasturining amaldagi samarasidir.
Yilning to‘rt faslida ham quyosh nur sochib turadigan janubdagi viloyatda bu yil 5 ming 900 ga yaqin iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va xonadonlarda qayta tiklanuvchi elektr manbalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri