Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo Koreya bilan do‘stlik aloqalarini kengaytirmoqda
18:06 / 2024-06-13

Surxondaryo viloyati Koreya Respublikasi bilan do‘stlik va o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ymoqda.

Xalqlarimizning yaqin do‘stlik rishtalari, mentalitetimiz, an’ana va qadriyatlarimiz o‘xshashligi, vaqt sinovi mamlakatlarimizni o‘zaro ishonchli hamkorga aylantirgan. Oliy darajadagi muloqotlar va mushtarak intilishlar keyingi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni barcha yo‘nalishlarda yangi bosqichda rivojlantirmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning mamlakatimizga davlat tashrifi ham O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi yaqin do‘stlik rishtalarimizni, strategik sheriklik munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Davlatlarimiz o‘rtasida yuksalib borayotgan aloqalar O‘zbekiston janubidagi Surxondaryo viloyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Bu jarayonda koreyaliklar vohaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda qulay iqlim va katta imkoniyatga ega Oltinsoy tumaniga alohida qiziqish bildirdi. Jumladan, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) loyiha menejeri Kim Chon Bin uchrashuvida Oltinsoy tumani va Koreyaning Damyang tumani o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish masalalari muhokama etilgan edi. Mazkur loyiha doirasida tumanga 6 million dollar qiymatidagi investitsiya kiritish, 250 nafar oltinsoylik yoshni Koreyaga mavsumiy ishga yuborish, brokkoli karami yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, yuz nafar oltinsoylik fermerni Koreyada o‘qitish masalalari yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi. 

Shu oyning boshlarida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning Koreya davlati “DOONF” Co Ltd kompaniyasi rahbari bilan uchrashuvida Oltinsoy tumani va do‘st mamlakatning Kyungsan-Namdo viloyati tadbirkorlari hamkorligida 200 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash hamda eksportga yo‘naltirish masalalari muhokama etildi. Surxondaryolik yoshlarni Koreya davlatiga kemasozlik, mavsumiy dehqonchilik E-8, dehqon fermerlar malakasini oshirish, D-3 vizalari bo‘yicha ishga taklif etish va tajriba almashish yuzasidan muzokaralar olib borildi. 

Yaqinda Koreya davlatining Seul shahridagi "IKC Construction CO" Ltd kompaniyasi rahbari bilan uchrashuvda Termiz tumani va Koreyaning Seul shahri tadbirkorlari hamkorligida 50 million dollarlik qurilish materiallari (sendvich panellari) ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirishga kelishildi. 

Istiqbolli loyihani ro‘yobga chiqarish uchun koreyalik sarmoyadorlarga Termiz tumanidagi Sabzipoya mahallasi hududidan 34 gektar yer maydoni ajratib beriladigan bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda ushbu korxona qurilishini boshlashga hozirlik ko‘rilmoqda. 

Masofa olis bo‘lsa-da, ko‘ngillar yaqin do‘st davlat bilan tamomila yangicha ko‘rinishda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik munosabatlarimiz kelajakda Surxon vohasining koreyaliklar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarini yuksak darajaga olib chiqishiga puxta zamin yaratayotgani e’tiborga sazovordir. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri