Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxondaryo bo‘ylab harakatlanayotgan yo‘nalishsiz taksilarda yo‘l haqi sun’iy ravishda oshirilgani rostmi?
11:06 / 2023-10-26

Jurnalistlar holatni o‘rgandi

Shu kunlarda Surxondaryo bo‘ylab harakatlanayotgan yo‘nalishsiz taksi haydovchilari tomonidan yo‘l haqining sun’iy ravishda oshirilayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Holat jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini, mutasaddilar hamda jurnalist va blogerlarni ham sergaklikka chorladi.      

Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan Transport boshqarmasi va qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida jurnalist va blogerlar hamda jamoatchilik faollari uchun Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlarida yo‘lovchi tashish xizmatining holati, taksilar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Press-turning dastlabki “nishoni” Denov avtoshohbekati bo‘ldi. Denov avtoshohbekatida Termiz shahriga qatnaydigan yo‘nalishli avtomobillar faoliyati, narxlarning sun’iy ravishda oshirilishi bilan bog‘liq holat o‘rganildi. Haydovchi va bekat nazoratchilari, aholi vakillari bilan suhbat qilinib, mavjud vaziyat xolisona tahlil qilindi.  

O‘rganish davomida aniqlanishicha, Termiz shahriga borish uchun taksi haydovchilari bir kishiga 70 ming so‘mdan olar ekan.  

– Ikki farzandim Termiz shahridagi oliy ta’lim muassasasida o‘qiydi, - deydi denovlik Shohsanam Otamurodova. – Haydovchilar manzilga olib borish uchun kishi boshiga 70 mingdan olyapti. Yo‘l haqi qimmatligi uchun farzandlarim uyga tez-tez kela olmaydi. Shuning uchun oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechagini taksidan berib yuboraman. Bitta yuborilgan pochta uchun haydovchilarga 30 mingdan  to‘layman. Bu holatni mutasaddilar nazoratga olsa, yaxshi bo‘lardi.  

O‘rganish asnosida Transport boshqarmasi mutaxassislari tomonidan haydovchilarning qonuniy jihatdan faoliyat olib borishi borasida huquqiy tushuntirishlar ham berildi.

Prezidentimizning 2022 yil 7 iyuldagi “Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi qarorida 2022 yil 1 sentyabrdan 2024 yil oxirigacha 4 tadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega transportlarda yo‘lovchi tashishga o‘zini o‘zi band qilish, deb qaralishi va ushbu faoliyat litsenziya varaqasi asosida amalga oshirilishi haqida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, haydovchi, avvalo, davlat soliq inspeksiya hududiy bo‘limlariga borib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va belgilangan pul miqdorini to‘lab, guvohnoma oladi. So‘ngra davlat xizmatlari markaziga borib, qo‘lidagi guvohnomaga asosan, bir yilga tegishli davlat boji to‘lab, yo‘lovchi tashish litsenziya varaqasini oladi.

Press-tur ishtirokchilari “Denov-Termiz” yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobuslar faoliyatini ham o‘rgandi.  

Denov-Termiz yo‘nalishidagi oraliq masofa 146 kilometrni tashkil etib, yo‘l kira narxi avtobuslar uchun har 1 kilometrga 170 so‘m va mikroavtobuslar uchun har 1 kilometrga 220 so‘m etib belgilangan. Yo‘lovchilarni tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yengil avtotransport vositalarining yo‘l kira narxlari yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib haydovchi va yo‘lovchi o‘rtasida kelishilgan holda bo‘lishi bo‘lishi belgilangan.

Denov tumanidagi mavjud holat o‘rganib bo‘lingach, jurnalist va blogerlar Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on hamda Jarqo‘rg‘on tuman markazlaridagi shohbekatlarda haydovchilar faoliyati, narxlarning sun’iy oshirilishi, aholining bu boradagi e’tirozlari yuzasidan o‘rganish olib bordi.  

O‘rganishlar davomida vaziyat xuddi Denovdagidek bo‘lib chiqdi. Sho‘rchidan Termizga taksilar yo‘l haqini bir kishiga 70 ming so‘m deb turgan bo‘lsa, qumqo‘rg‘onliklar 40 ming so‘m, jarqo‘rg‘onliklar 25-30 ming so‘m etib belgilagan.  

Tumanlar mutasaddilari, qolaversa, Transport boshqarmasi mazkur holatni bartaraf etishi, aholiga hamda yo‘nalishli taksilarga qulaylik yaratish borasida tez fursatda chora-tadbir ko‘rishini bildirdi.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/9LGkU1VTbaw" title="Surxondaryo bo‘ylab harakatlanayotgan yo‘nalishsiz taksilarda yo‘l haqi sun’iy ravishda oshirilgani rostmi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA