Surxondaryo viloyatida istiqomat qilayotgan doimiy aholi soni joriy yil 1 iyul holatiga 2 million 974 ming 436 kishini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,3 foizga o‘sdi yoki 66 ming 900 kishiga ko‘paydi.
Bu haqda viloyat statistika boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi soni bo‘yicha Denov tumani 435 ming 115 kishi bilan yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda 262 ming 838 kishi bilan Qumqo‘rg‘on tumani, uchinchi o‘rinda 246 ming 240 kishi istiqomat qilayotgan Jarqo‘rg‘on tumani bormoqda. Shu davrda Sho‘rchi tumani aholisi 236 ming 681, Sariosiyo tumani 234 ming 901, Termiz shahri aholisi 210 ming 36 kishiga yetdi.
Viloyatda Bandixon tumani 86 ming 273 kishi bilan eng kam aholi yashaydigan hudud bo‘lib qolmoqda. Termiz tumanida 88 ming 381, Boysun tumanida 128 ming 45 kishi, Qiziriq tumanida 128 ming 91, Angor tumanida 148 ming 447, Muzrabotda 158 ming 101, Uzunda 194 ming 169, Oltinsoy tumanida 199 ming 134 kishi yashamoqda.
Ayni paytda viloyatda aholi zichligi bo‘yicha 1 kvadrat-kilometrga o‘rtacha 148,1 kishi to‘g‘ri kelmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri