Termiz shahridagi Guliston mahallasida bahorgi ko‘chat ekish mavsumiga start berildi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, ilk ko‘chatni qadadi. Shuningdek, tumanlar studiyalari orqali onlayn bog‘langan ishtirokchilarga bahorning erta kelayotganidan foydalanib, ko‘chatni tez va sifatli ekish yuzasidan tavsiyalarini bildirdi. Loyihani uyushqoqlik bilan tizimli amalga oshirish uchun “dolzarb 10 kunlik” e’lon qilindi. Har bir ko‘chatning manzilli ekilishi va doimiy parvarishi uchun mas’ullarni belgilash, ko‘chatlarni hisob uchun emas, balki ularning unib-o‘sishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.


Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlab, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirishda o‘z samaralarini bermoqda. Tevarak-atrof yashillikka burkanib, havo musaffoligini ta’minlashga xizmat qilayotir.



Ayni paytda viloyatning Angor tumani hududidagi M-39 avtomagistral yo‘li yoqasida 220 gektar maydonda “Yashil belbog‘” barpo etilmoqda. Loyihaning kuzgi mavsumida boshlangan bu tashabbus doirasida hududga 16 million tup turli daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri