French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surxonda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangradi
14:15 / 2025-05-24

Surxondaryo viloyatidagi ta’lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

O‘quvchi-yoshlarning maktablari bilan xayrlashuv marosimlarida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, mahallalar faollari, nuroniylar, ta’lim muassasalari bitiruvchilari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumanida tashkil etilganining yuz yilligini nishonlayotgan 5-maktabda o‘tkazilgan so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirida ishtirok etib, Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Bir asrlik tarixga ega ta’lim dargohining o‘tgan davrdagi faoliyatiga e’tibor qaratib, keyingi yillarda o‘quv maskanlari va yosh avlodning ilm-fan sirlarini chuqur o‘rganishiga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida so‘z yuritdi. Joriy yilda maktabni tugatayotgan o‘g‘il-qizlarni tabriklab, ularning kelgusidagi o‘qish va ishlariga omad tiladi.

Shu yilning fevral oyida viloyat rahbari yuz bilan yuzlashgan maktabda bo‘lib, ta’lim muassasasidagi sharoitlarni ko‘zdan kechirgan, ustozlar va o‘quvchilar bilan suhbatlashgan edi. Ayni paytda maktabda ta’mirlash ishlari olib borilib, o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilmoqda. Ulug‘bek Qosimov mutasaddilarga bu ishlarni yangi o‘quv yiligacha sifatli yakunlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

[gallery-23556]

Yuz yoshga to‘lgan maktabning 11-sinfini bu yil 93 nafar o‘g‘il-qiz tugatmoqda. Ularning 20 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish sertifikatini qo‘lga kiritdi. Ikki nafar o‘quvchi maktabni oltin medal bilan bitirmoqda.

– Shu maktabning 50 yillik yubileyi nishonlangan yil bitirgan edim, – deydi Qahramon mahallasida yashaydigan mehnat faxriysi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Boboyor Xolboyev. – Biz o‘qigan yillarda maktablarga bunaqa e’tibor yo‘q edi. Eski parta va stullarda saboq olganmiz. Sinfxonalar hozirgidek jihozlanmagan edi. Maktabni tugatgach, institutda o‘qib, o‘qituvchi bo‘ldim. Shu yerda yetti yil bolalarga dars berdim. Direktor o‘rinbosari bo‘lib ishladim. Yangi bino qurilganida o‘z hisobimizdan hovliga daraxt ekkan, mo‘’jazgina issiqxona qurgan yillarni yaxshi eslayman. Mana endi ta’limga, yosh avlodning bilim olib, o‘zi tanlagan kasb egasi bo‘lishiga barcha sharoit yaratilmoqda. Bugun nafaqat yoshlarimiz ta’limiga, balki tarbiyasiga kuchli e’tibor qaratilayotganidan bahri-dilim ochiladi. Otalar yig‘ilishi o‘tkazilayotgani, a’lochi va namunali xulqqa ega o‘quvchilar rag‘batlantirilayotganidan faxr hissini tuyaman.

Yakunlanayotgan o‘quv yilida maktabda 1 ming 227 nafar o‘quvchiga 89 nafar pedagog ta’lim-tarbiya berdi. Ustozlarning 11 nafari oliy toifali, 24 nafari 1-, 31 nafari 2-toifali va 19 nafari mutaxassis-o‘qituvchilardir. Ularning 20 nafari milliy va xalqaro sertifikatga ega.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil vohadagi 992 ta ta’lim muassasasini 35 ming 665 nafar 11-sinf o‘quvchisi bitirmoqda. Ularning 488 nafari oltin, 135 nafari kumush medal bilan mustaqil hayotga yo‘llanma olayotir. Shuningdek, 9-sinfni tugatayotgan 48 ming 935 nafar o‘quvchining 1 ming 71 nafari a’lo darajali shahodatnoma bilan bitirmoqda.  

Vohadagi umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirlarda 2024-2025 o‘quv yilida namunali xulqi va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar munosib taqdirlandi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA muxbiri