15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni Surxondaryo viloyatida ham keng nishonlandi.
Bayram munosabati bilan vohada bo‘lib o‘tgan tadbirlarda qishloqlarda yashaydigan xotin-qizlarning fidokorona mehnati, jamiyatdagi o‘rni va davlatimiz ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklar haqida so‘z yuritildi.

Prezidentimizning 2025 yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq qishloqlarda og‘ir ijtimoiy ahvoldagi yordamga muhtoj ayollarning shaxsiy ehtiyojlari o‘rganilib, moddiy-ma’naviy yordam, psixologik ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Qishloqlardagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, hayot darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qishloqlarda tadbirkorlik, fermerlik bilan shug‘ullanayotgan, mo‘’jazgina tomorqasida turli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirib, bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlayotgan, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda samarali mehnat qilayotgan fidoyi xotin-qizlar munosib rag‘batlantirilmoqda.

Viloyatning Sho‘rchi tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda ham ana shunday ilg‘or va tashabbuskor ayollarga ehtirom ko‘rsatilib, ularning jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Tumanda 113 mingga yaqin xotin-qiz yashaydi. Ularning 70 mingga yaqini qishloq xo‘jaligining turli sohalarida ish bilan band.

Tadbirda qishloqda yashab, turli sohalarda mehnat qilayotgan bir guruh ayollar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. San’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri