Termiz shahrida “Siz ekologiyaga oid qonunni bilasizmi?” respublika ko‘rik-tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda uning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalarning 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan a’zolari ishtirok etdi.

Yosh avlod ongu shuurida ekologik huquqiy ong va bilimlarni mustahkamlab, sohada qonuniylikni ta’minlash hamda atrof-muhitga e’tiborni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan tanlov qatnashchilari to‘rtta shart bo‘yicha o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. Ishtirokchilarning har bir chiqishini hakamlar hay’ati belgilangan mezonlar asosida baholadi.
Ayni paytda insoniyat sayyoramizda yuz berayotgan ekologik muammolar tufayli iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, atrof-muhit ifloslanishi kabi dolzarb masalalarga duch kelmoqda. Mamlakatimizda bu muammolarning yechimini topish uchun atrof-muhitni muhofaza qilib, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotir. Shuningdek, inson salomatligi va ekologik muvozanatni saqlash uchun tabiatdan foydalanishga qulay sharoit yaratish, jonli tabiatning turlari va genetik fondi boyligini, ekologiya tizimlari, landshaftlar va noyob tabiat ob’ektlari xilma-xilligini saqlab qolish, ekologik xavfsizligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarda tizimli ishlar olib borilmoqda. Mazkur tanlov ham ona tabiatni asrab-avaylash yo‘lida ko‘zlangan maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, u o‘g‘il-qizlarni yoshlikdan tabiatsevarlik ruhida ulg‘aytirishga yo‘naltirilgani e’tiborga molikdir.

Qizg‘in lahzalar va bahs-munozaralarga boy bo‘lgan tanlov yakunida Denov tumanidagi 81-maktabning “Eco power” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Uzun tumanidagi 23-maktabning “Tabiat posbonlari” va uchinchi o‘rin Sherobod tumanidagi 66-maktabning “Tabiat posbonlari” jamoalariga nasib etdi.
G‘oliblar tanlov tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri