Ijodiy jamoa Toshkentdan Surxondaryogacha yetti yuz ellik kilometrlik yo‘lni bosib kelganga o‘xshamaydi. Hamma tetik. Nigohlarda esa hayrat va tarix uyg‘ongan.
Biz shahar ichidagi shaharchadamiz. Bu yerda voha xalqining qadimiy turmush tarzi, madaniyati, me’morchiligi va an’analari jonlanganiga guvoh bo‘lamiz. Mehmonlar bu yerda odatdagi tomoshabin bo‘lmaydi, balki o‘tmishga tushib qolgan sayyohga aylanadi.

Bu shunchaki balandparvoz gaplar emas. “Prezident tashrifidan so‘ng...” rukni uchun Termiz shahrida yangidan barpo etilgan etnoshaharchada bo‘lganimizda ana shu hislarni tuyganimiz rost.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni viloyatga tashrifi chog‘ida mazkur manzilda ham bo‘ldi.

Surxondaryo o‘zining ziyoratgohlari, arxeologik yodgorliklari va go‘zal tabiati bilan mashhur. Viloyat bunday loyihalar uchun katta tarixiy va madaniy salohiyatga ega. Bu hududda qadimiy madaniyat qatlamlari bir-biri bilan qorishgan. Etnoshaharcha esa sayyohlarni faqat tarix orqali emas, balki “tirik madaniyat” bilan yanada ko‘proq jalb qiladi. Endi mehmonlar faqat obidalarni ko‘rib ketmaydi. Ular vohaning turmush tarzini his qilish uchun bu yerda ko‘proq vaqt qolishadi.

Termizdagi bu majmua mamlakatimizning boshqa hududlarida to‘plangan tajribalarga suyangan holda amalga oshirilgan. Loyiha xususiy investor tashabbusi bilan ro‘yobga chiqarildi. Buning uchun 10 million dollar sarflangani aytilmoqda. Bu raqam shunchaki sarmoya miqdorini bildirmaydi, balki hududning qisqa muddatda qanchalik jadal rivojlanayotganini ham ko‘rsatadi.

Olti gektar maydonda tashkil etilgan majmuada tarixiy ko‘rinishdagi binolar, milliy me’morchilikka xos inshootlar qad rostladi. Hunarmandlar ustaxonalari, oilaviy mehmon uyi, milliy oshxonani namoyon etuvchi restoran, bolalar uchun zamonaviy o‘yin maydonchasi va musiqiy favvora kabi ob’ektlar joy olgan.

– O‘zim pedagogman, tarixga qiziqaman, – deydi tojikistonlik sayyoh Sorbon Fayzullozoda. – Bu yerga kelib xalqingizning ildizlari naqadar teran, qadriyatlari esa qanchalik mazmunli ekanini ko‘ryapmiz. Har bir bunyodkorlik ishi, har bir eksponatni ko‘rib hayratdamiz. Boysun kashtalaridagi olovrang naqshlar, baxshilarning yoqimli ovozi kishini o‘tmishga sayohat qildiryapti. Bu yerni jonli maktabga, ochiq osmon ostidagi laboratoriyaga o‘xshatyapman. Bunda tarixni qaysidir sanalar bilan emas, balki tandirdagi issiq nonning hidi, do‘mbira ohangi va tuyg‘ular orqali eslab qolish mumkin. Sayyohlarni qiziqtiradigan bunday loyihalar dunyoda ko‘p emas. Lekin yurtingizda bu borada tajriba borligini bilaman. Xiva va Samarqand shaharlaridagi shunday manzillarga ham borish niyatidaman.
Darhaqiqat, bu yerga tashrif buyuruvchi mehmonlar nafaqat tomosha qiladi, balki hunarmandlar faoliyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanishadi. Milliy taomlardan tatib ko‘radi. Bu esa zamonaviy turizmda talab yuqori bo‘lgan tajribadir.
Mamlakatimizda bunday madaniyat va turizm majmualari soni ortib borayotgani quvonarli. Bu kabi maskanlar doimo gavjum, iqtisodiy jihatdan barqaror va sayyohlik jihatdan jozibador bo‘lib qolishi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bunday joylar tashkil etilishi bilan ilgari qishlog‘ida kashta sotib yurgan onaxon endi o‘z “brend”iga va doimiy xaridorlariga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, bunday maskanlarda yoshlar uchun tarjimonlik qilish, milliy taomlar tayyorlash yoki servis sohasida ishlash imkoniyatlari paydo bo‘lmoqda.
Loyihaning iqtisodiy ahamiyati ham kam emas. Majmua yiliga 180 ming sayyohga xizmat ko‘rsatishi mumkinligi aytilmoqda. Bu raqam ortida turistlar oqimi hamda xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik va kichik biznes uchun kengaygan bozor turadi.
Yiliga 34 milliard so‘mlik iqtisodiy faoliyat shakllanishi kutilmoqda. Bu hudud iqtisodiy tarmoqlarining qanchalik tez faollashayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, 250 nafar doimiy ish o‘rnining yaratilishi ham oddiy raqam emas.
Etnoshaharcha zamonaviy dunyoning shovqinidan bir oz uzoqlashib, ajdodlar merosiga sho‘ng‘ish, milliy o‘zlikni his qilish va madaniy hordiq chiqarish uchun qulay maskanga aylanishi shubhasiz.
Yuqorida ta’kidlanganidek, bunday loyihalar O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi tajriba emas. So‘nggi yillarda mamlakatning bir qator hududlarida madaniy shaharchalar, etnografik maydonlar va jonli muzeylar barpo etildi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Samarqand, Andijon kabi hududlarda mahalliy hunarmandlar faoliyatini bir nuqtaga jamlagan turistik maskanlar, etnoshaharchalar samarali faoliyat yuritmoqda.
Prezident tashrifi chog‘ida bu kabi majmualarning doimiy ravishda jonli va faol bo‘lib qolishi uchun topshiriqlar berildi. Davlat rahbari darajasidagi bu e’tibor nimani anglatadi? Bu bir kunlik tadbir emas, balki uzoq muddatli madaniy-iqtisodiy strategiya ekanini anglatadi.
Ikrom AVVALBOEV,
Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA muxbirlari