Joriy yilning 15-17 may kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Guanchjou shahrida Guangzhou International Travel Fair “GITF” xalqaro turizm ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Surxondaryo viloyati delegatsiyasi ham faol ishtirok etib, janubdagi vohaning boy turistik salohiyatini keng targ‘ib qildi.


Bu haqda O‘zAga viloyat delegatsiyasi rahbari Akramjon Halilovning xabar berishicha, voha uchun ajratilgan pavilonda Surxondaryoning tarixiy va madaniy yodgorliklari, milliy an’analari, urf-odat va gastronomik turizm imkoniyatlari keng namoyish etildi. Qiziqarli va jozibador taqdimotlar o‘tkazildi.

– Ko‘rgazma va taqdimotlarimiz tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi Akramjon Halilov. – Xorijlik qatnashchilar olis o‘tmishdan so‘zlaydigan tarixiy obidalar va buddizm yodgorliklariga juda qiziqdi. Milliy taom va liboslarimiz ham barchaga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, milliy kiyim va Surxon do‘ppilarining bejirim, nafis gullariga o‘zgacha havas uyg‘onganidan faxr hissini tuydik.


Ko‘rgazma doirasida viloyat delegatsiyasi jahonning eng nufuzli xalqaro turizm kompaniyalari bilan ikki tomonlama muzokara o‘tkazib, hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim kelishuv va shartnomalar imzoladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri