Andijon shahrida yashovchi, 1997 y.t. shaxs 2017 yilning iyun oyida ishlash maqsadida Turkiyaning Istanbul shahriga borib, savdo do‘konida sotuvchilik bilan shug‘ullanadi. Oradan bir yil o‘tib, uning oldiga akasi borgach, ular birga ishlay boshlashadi.
Lekin, diniy mutaassiblikka berilgan, 1995 y.t. aka o‘z ukasini to‘g‘ri yo‘ldan adashtirib, unga terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan Sodiq Samarqandiy, Abdulloh Zufar, Abdulloh Buxoriylarning ma’ruzalarini targ‘ib qiladi hamda Suriya davlatiga borib, jihod qilish lozimligini aytadi.
2018 yilning kuz oylarida aka-ukalarning kattasi, keyinroq esa kichigi Suriya davlatidagi terroristik tashkilot safiga borib qo‘shilishadi, biroq qurolli to‘qnashuvlar vaqtida ularning kattasi ayanchli o‘lim topadi. Bu vaqtda endigina jangovor tayyorgarlikdan o‘tib bo‘lgan uka o‘z akasining jasadini topib qabrga qo‘yadi. Shuningdek, o‘sha paytlari terroristik tashkilotlar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar, amir bo‘lish uchun yetakchilarning o‘zaro nizolarga kirishishlarini ko‘rib, xafsalasi pir bo‘lgan andijonlik yigit onasi yuborgan pullar yordamida Turkiyaga qaytib o‘tadi. Keyinroq bir muddat Qirg‘izistonda bo‘lib, so‘ngra Qozog‘istonga borgan va ushbu davlatning soxta fuqarolik pasportini olgan mazkur shaxs hujjatni qalbakilashtirgani uchun huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortiladi. U jazo muddatini o‘tab bo‘lgach, O‘zbekistonga deportatsiya qilinadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining hukmiga ko‘ra, “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etgan ushbu fuqaro Jinoyat Kodeksining 155/2 va 244/2-moddalari bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Yot kuchlarning ta’siriga tushish oqibatida bir oilaning navqiron ikki farzandining achchiq qismatga duchor bo‘lishi – birining ayanchli o‘lim topishi, ikkinchisining uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilishi boshqalarga saboq bo‘lmog‘i lozim.
O‘zA