Suriya shimolidagi Halab shahrida hukumat kuchlari va SDF (kurdlar yetakchiligidagi qurolli kuchlar) o‘rtasida to‘qnashuvlar keskinlashdi. Rasmiylar tinch aholini xavfsiz hududlarga ko‘chib o‘tishga chaqirmoqda.
Ta’kidlanishicha, mahalliy hokimiyat fuqarolar uchun maxsus evakuatsiya yo‘lagi ochgan. Hozirgacha o‘n minglab odamlar shaharni tark etgan. Ularning katta qismi qariyalar, ayollar, bolalar va tibbiy yordamga muhtoj shaxslardir.
Suriya armiyasi kurdlar nazoratidagi Sheyh Maqsud, Ashrafiyah va Bani Zayd mahallalarida “aniq nishonlarga qaratilgan harbiy amaliyotlar” boshlanishini e’lon qildi.

Kurd tomonining aytishicha, janglar natijasida kamida 12 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Hukumat esa o‘z nazoratidagi hududlarda 9 nafar fuqaro o‘lganini bildirgan. Har ikki tomon bir-birini tinch aholi, shifoxonalar va tez yordam mashinalarini nishonga olishda ayblamoqda.
Kunning ikkinchi yarmida janglar yanada kuchayib, artilleriya o‘qlari, dron hujumlari va tanklar ishlatilgani xabar qilindi. SDF o‘z bayonotida hukumatning ikki zirhli texnikasini yo‘q qilganini ma’lum qilgan.
Bu to‘qnashuvlar Damashq hukumati va SDF o‘rtasidagi siyosiy kelishmovchiliklar fonida yuz bermoqda. Mart oyida tomonlar kelishuv imzolagandi, unga ko‘ra SDF 2025 yil oxirigacha Suriya armiyasiga qo‘shilishi kerak edi. Bu jarayon qanday amalga oshirilishi borasida esa kelishmovchiliklar mavjud.
Yangi Suriya armiyasi tarkibidagi ayrim guruhlar avval Turkiya qo‘llab-quvvatlagan qurolli kuchlar bo‘lib, ular kurdlar bilan avvaldan qarama-qarshi munosabatda bo‘lgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA